Google Yer orbitasida sun’iy intellekt serverlarini joylashtirmoqchi

Bu qiziq

image

Google korporatsiyasi Project Suncatcher (“Quyosh tutgich”) nomli yangi tadqiqot loyihasini taqdim etdi. Bu tashabbus sun’iy intellekt (SI) tizimlarini o‘qitish va ishlatish uchun zarur bo‘lgan ulkan elektr energiyasi ehtiyojini qoplashga qaratilgan. Bu haqda “The Verge” xabar berdi.

Loyihaga ko‘ra, Google o‘zining SI chiplarini Yer orbitasiga chiqarilgan sun’iy yo‘ldoshlarga o‘rnatmoqchi. Ular quyosh panellari bilan jihozlanadi va shu tariqa kosmik serverlar deyarli sutkalik uzluksiz quyosh energiyasi bilan ishlaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, orbitadagi panellar Yerda o‘rnatilgan panellarga qaraganda sakkiz baravar samaraliroq bo‘ladi.

Bu yondashuv Google’ga sun’iy intellekt bo‘yicha ishlanmalarni rivojlantirish bilan birga atmosfera ifloslanishi va energiya sarfi bo‘yicha xavotirlarni kamaytirish imkonini beradi. Kompaniya ushbu sohada erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot beruvchi oldindan chop etilgan ilmiy hisobotni e’lon qilgan.

Loyihadagi eng muhim muammolardan biri – sun’iy yo‘ldoshlar orasidagi barqaror va tezkor aloqani ta’minlash. Hisobotda aytilishicha, orbitadagi ma’lumot uzatish tezligi soniyasiga o‘nlab terabit bo‘lishi kerak. Buning uchun yo‘ldoshlar bir-biridan bir necha kilometr yoki undan yaqin masofada joylashtiriladi.

Shuningdek, Google muhandislari chiplarning kosmik radiatsiyaga chidamliligini sinovdan o‘tkazmoqda. Trillium nomli SI chiplarining dastlabki testlari ular besh yillik kosmik xizmat davomida sezilarli nosozliksiz ishlashi mumkinligini ko‘rsatgan.

Hozircha bunday tizimlarni orbitaga chiqarish juda qimmat. Biroq Google hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yillarning o‘rtalariga borib, kosmik data-markazlarni ishga tushirish va ishlatish xarajatlari Yerda joylashgan markazlarnikiga tenglashishi mumkin.

Google 2027 yilda Planet kompaniyasi bilan hamkorlikda ikki prototip yo‘ldoshni orbitaga chiqarish orqali uskunalarni sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Google sun'iy intellekt Er orbitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing