Google o‘zining eng yaxshi neyrotarmoqlarini pulli qiladi
Texnologiya
−
10:37 798 3 daqiqa
Google shaxsiy akkaunt foydalanuvchilari uchun Gemini modellaridan foydalanish shartlarini o‘zgartirmoqda. Joriy yil 9 oktyabrdan boshlab Google AI obunasiga ega bo‘lmagan foydalanuvchilar Gemini Flash va Gemini Pro modellariga kirish huquqini yo‘qotadi, bepul tarif esa faqat Gemini Flash-Lite modeli bilan cheklanadi. Bu haqda “WebHill” xabar berdi.
Taxminan uch oy oldin Google ba’zi foydalanuvchilarga uch oyga 75 foizgacha chegirma bilan Plus obunasini taklif qilgan edi. Ushbu taklif bo‘yicha yaxshilangan disk maydoni, Gemini’dan kengaytirilgan foydalanish va eng muhimi – Gemini Pro modelidan foydalanish imkoniyatini olish mumkin edi. Ammo tez orada Plus obunasi Pro modeliga kirish huquqidan mahrum bo‘ladi. Bundan tashqari, cheklovlar bepul tarifga ham ta’sir qiladi.
“Biz siz foydalanayotgan hisoblash resurslari hajmini hisobga olishni boshlaymiz. U so‘rovlarning murakkabligi, tanlangan funksiyalar va Gemini bilan suhbatlar davomiyligiga bog‘liq. Limitlar haftalik kvotaga yetguningizga qadar har besh soatda yangilanib turadi. Google AI pullik obunasiga ega foydalanuvchilarda limitlar yuqoriroq. Agar siz ilg‘or modellar va funksiyalardan foydalansangiz, resurslar tezroq sarflanadi, masalan, media-kontent, tasvirlar, video va musiqa yaratish, Deep Research, Pro modeli, kengaytirilgan fikrlash va Deep Think”, deya tushuntirish berdi korporatsiya qo‘llab-quvvatlash xizmati.
Obunasiz foydalanuvchilar uchun o‘zgarish eng sezilarli bo‘ladi. 9 oktyabrgacha ular uchun Flash-Lite, Flash va Pro mavjud, ushbu sanadan so‘ng esa faqat Flash-Lite qoladi.
Google AI Plus obunachilari ham mavjud modellardan birini yo‘qotadi. O‘zgarishdan so‘ng ular Flash-Lite va Flash’dan foydalanishlari mumkin bo‘ladi, ammo Gemini Pro yanada qimmatroq bo‘lgan AI Pro va AI Ultra tariflari tarkibiga o‘tadi. Google’ning ma’lum qilishicha, AI Plus foydalanuvchilari o‘zgarish ularning akkaunti uchun aynan qachon kuchga kirishi haqida alohida elektron xat oladi.
Google AI Pro obunachilari uchun nafaqat kirish huquqini cheklash, balki yangi afzallik ham ko‘zda tutilgan. O‘zgarishdan so‘ng ular ilgari faqat AI Ultra foydalanuvchilari uchun mavjud bo‘lgan Deep Think funksiyasiga kirish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu funksiya “maksimal parallel fikrlash” uchun mo‘ljallangan.
AI Ultra shu bilan birga Flash-Lite, Flash, Pro va Deep Think kabi avvalgi imkoniyatlar to‘plamini saqlab qoladi.
Kompaniyaning bildirishicha, mavjud bo‘lgan har bir model uchun yuklama darajasini tanlash mumkin: past, o‘rta yoki yuqori. Daraja qanchalik yuqori bo‘lsa, model topshiriqlarni shunchalik yaxshi uddalaydi va so‘rovlarga batafsilroq javob beradi, lekin limit ham shunchalik tez tugaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google’ning Yaponiyadagi bo‘limi muhandislari mexanik klaviaturani yangicha talqin qilib, uni konveyer tasmasi bilan jihozlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi