Gonkongda samolyot dengizga tushib ketdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Gonkong xalqaro aeroportida yuk samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, dengizga tushib ketdi. Bu haqda aeroport operatoriga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Hodisa bugun, 20 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:50 da sodir bo‘lgan. Samolyot Dubaydan uchib kelgan. “Flightradar24” xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, u Turkiyaning AirACT aviakompaniyasiga tegishli Boeing 747 bo‘lib, Emirates uchun yuk reysini bajarayotgan edi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, samolyot yerusti transport vositasi bilan to‘qnashgan.

Mashina ichida bo‘lgan ikki kishi dastlab bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ulardan biri halok bo‘lgan, ikkinchisi esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan, ammo u ham ko‘p o‘tmay vafot etgan. Yuk samolyoti ekipaji tarkibidagi 4 kishi jabrlanmagan.

Aeroportning shimoliy uchish-qo‘nish yo‘lagi vaqtincha yopilgan. Hozir hodisa joyida tezkor xizmatlar va avariya oqibatlarini bartaraf etish mutaxassislari ishlamoqda. Bu Gonkongda Boeing 747 samolyotining suvga tushib ketishi bilan bog‘liq ikkinchi holat sanaladi – 1993 yilda China Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot bilan shunga o‘xshash hodisa sodir bo‘lib, 23 kishi jarohat olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-York shtatidagi LaGuardia aeroportida Roanok shahriga jo‘nab ketayotgan samolyot qanoti Shimoliy Karolina shtatining Sharlott shahridan kelgan samolyotning fyuzelyaji bilan to‘satdan to‘qnashib ketgan edi. Roanok shahriga ketayotgan samolyot bortida 35 kishi, Sharlott shahridan kelgan samolyot bortida esa 61 kishi bo‘lgan. Nyu-York va Nyu-Jersi aeroporti ma’muriyatining bayonotiga ko‘ra, jarohat olgan shaxs shifoxonaga yotqizilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Gonkong AirACT Boeing 747

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing