Gonkongda muxolif media magnat 20 yilga qamaldi
Olam
−
09 fevral 1436 2 daqiqa
Gonkongda sud muxolif media magnati Jimmi Layni 20 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U Xitoy Kommunistik partiyasini “ag‘darish” maqsadida xorijiy kuchlar bilan til biriktirishda, shuningdek Xitoy hokimiyatiga qarshi isyonga undovchi materiallar chop etishda aybdor deb topildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Jimmi Layga tegishli bo‘lgan va yopilgan Apple Daily gazetasining sobiq olti xodimi ham 6 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarga hukm qilingan. Sudyalar hukmni e’lon qilish chog‘ida xorijiy kuchlar bilan til biriktirishni “yaxshi rejalashtirilgan” va “qasddan amalga oshirilgan” harakat deb atagan.
Joriy yilning 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida himoya tomoni Gonkong sudidan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Sudya Aleks Li milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunga muvofiq bunday jinoyatlar uchun Jimmi Layga 10 yildan umrbod qamoqqacha jazo tahdid solishini bildirgan. Media magnat esa aybini tan olmagan.
78 yoshli Jimmi Lay 2020 yil avgust oyida 2019 yilda Gonkongda bo‘lib o‘tgan ommaviy hukumatga qarshi namoyishlardan so‘ng Xitoyda qabul qilingan milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan. O‘tgan yillar davomida u bir qator yengilroq jinoyatlar bo‘yicha ham sudlangan.
2023 yil dekabridan buyon uch nafar sudya tomonidan hakamlar hay’atisiz olib borilgan sud jarayonini AQSH, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Buyuk Britaniyada ham kuzatib borgan. Gonkong rasman Xitoy tarkibida bo‘lsa-da, Buyuk Britaniya bilan tarixiy aloqalarga ega. 2025 yil oktyabr o‘rtalarida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSH Prezidenti Donald Tramp XXR rahbari Si Szinpindan Jimmi Layni ozod etishni so‘ragan, biroq javob olmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda sobiq adliya vaziri Tan Yichun pora olishda aybdor deb topilgani va umrbod qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabar berdi.
Live
Barchasi