Gollivud aktyori bilan bog‘liq fojianing yangi tafsilotlari oshkor qilindi

Madaniyat-san’at

image
0:00
0:00
download

Gollivud aktyori Alek Bolduin bilan bog‘liq fojiali voqeadan bir necha kun oldin “Rust” (“Zang”) filmining suratga olish guruhi jiddiy ichki kelishmovchiliklarga duch kelgan. Bu haqda “Los Angeles Times” nashri xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, Bolduin tasodifan film operatori va rejissyorini yaralashidan bir necha soat oldin ish sharoitiga norozilik bildirgan holda, olti nafar ishchi suratga olish maydonini tark etgan. 

Nashrning yozishicha, operatorlar va ularning yordamchilari ish haqi shartidan ham, majburiy ish vaqtidan ham norozi bo‘lgan. 

Manbalarga ko‘ra, filmni suratga olish ishlari joriy yilning 6 oktyabr kuni boshlangan. Tasvirga olish guruhi a’zolariga Santa-Fe shahridagi mehmonxonada yashash uchun pul to‘lashga va’da berilgan, lekin aslida ular suratga olish joyiga yetib borish uchun har kuni taxminan 80 kilometr masofani bosib o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan. 

Nashr operator Galina Xatchinsni o‘ldirgan quroldan bir necha marta o‘q uzilganini va filmni suratga olish paytida xavfsizlik choralari muntazam ravishda buzilganini da’vo qilmoqda. 

“Marhuma Xatchins ijodiy guruh uchun xavfsizroq mehnat sharoitlari tarafdorlari orasida bo‘lgan”, deyilgan manbalarda. 

Eslatib o‘tamiz, Gollivud aktyori Alek Bolduin Nyu-Meksiko shtatidagi Santa-Fe shahri yaqinida bo‘lib o‘tayotgan vestern janridagi "Rust" ("Zang") filmini suratga olish jarayonida tasodifan operator Galina Xatchins va rejissyor Joel Sousni otib qo‘ygandi. Oqibatda 42 yoshda bo‘lgan Galina Xatchins olgan jarohatlaridan vafot etgan, 48 yoshli Joel Sous esa shifoxonaga yotqizilgandi. 

Keyinchalik, Bolduin Galina Xatchinsning hayotiga zomin bo‘lgan voqeani tergov qilishda politsiya bilan to‘liq hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi. U, shuningdek marhumning oilasi bilan aloqada ekanini va ularga yordam berishini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

fojia Gollivud Bolduin

Baholaganlar

938

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing