G‘ofur Rahimovning rafiqasi va Miraliyevlar ishi: QALAMPIR.UZ sudda qatnashdi

Jamiyat

image

AIBA’ning sobiq prezidenti G‘ofur Rahimovning rafiqasi tadbirkor Oybek Miraliyev tomonidan chuv tushgani bo‘yicha sud ishi olib borilayotgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ’ga mazkur ish doirasida Miraliyevlar oilasining yana bir vakili ham sudda ayblanuvchi sifatida qatnashayotgani ma’lum bo‘ldi. Ochiq sud majlisida ushbu shaxs barcha ayblovlarni rad etmoqda.    

Kecha, 4 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sirg‘ali tuman sudi tomonidan ayblanuvchi E.Miraliyevga nisbatan 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 166-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblanib sud ishi ko‘rib chiqilmoqda. 

Ma’lum bo‘lishicha, E.Miraliyev firibgarlik asosida 2 milliard 331 million 125 ming so‘m (500 ming AQSH dollari) va talonchilik yo‘li bilan 1 milliard 195 million 3 ming 600 so‘m (140 ming AQSH dollari) miqdorida mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan ushbu holat ayblov xulosasi asosida sudga taqdim etilgan.

Sud majlisi avvalida raislik qiluvchi sudya tomonidan taraflarning huquq va majburiyatlari tushuntirildi. Sud majlisi boshida advokatlar tomonidan iltimosnomalar sudga taqdim etildi va yig‘ilganlarga o‘qib eshittirildi.

Ayblanuvchining himoyachilaridan biri bu ish tergovda 2016 yildan beri davom etayotgani, hattoki advokatlar ustidan fuqarolik sudlariga berilgan holatlar haqida gapirdi. Shu o‘rinda, bu uzoq yildan buyon davom etayotgan bu jinoyat ishi sudda video va audioyozuv asosida olinishini iltimos qildi. Iltimosnoma sudya tomonidan rad etildi. 

Video yoki foto tarzda yozib olinishi, hattoki audioyozuv tarzida yozib olinishi yuzasidan QALAMPIR.UZ tomonidan berilgan so‘rov ham rad etildi. Rad etishga asoslar ko‘rsatilmadi. 

Jabrlanuvchilardan so‘z Sh.A.ga berildi. Ushbu shaxs Miraliyevlar bilan 300 ming AQSH dollariga birga ish boshlagani, bu taklifni tanishi R.I. bergani haqida ko‘rsatma berdi. 

“Menga 300 ming AQSH dollari bersang, har 45 kunda 15 ming dollarcha pul berib turishi kerak edi. Keyin ozroq vaqt bunday pulni berishdi, biroq keyin pul to‘xtadi. 6 oycha pul berilmadi. O‘rtada turgan odam, ya’ni tanishim R.I.ga aytdim. Men bularni ko‘rmaganman ham. Keyin kelishdi, ko‘rishdik. Evaziga menga Moskvadagi Range Rover mashinasi, Mercedes-benz mashinasi, Yunusoboddagi kvartira va bir dala hovli berishlarini aytishdi. Garov sifatida. Yunusoboddagi uyni nomimga rasmiylashtirdim. Ma’lum vaqt o‘tib, Range Rover va Mercedes’ni qaytarib berdim. 

O‘rtada Sochidagi uyni ham ko‘rsatishdi. 5 ta hovli G‘ofur Rahimovning ayoli Lola Rahimovaga tegishliligini aytishdi”, deydi jabrlanuvchi Sh.A.

Jabrlanuvchining bu ko‘rsatmasi sud majlisida ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Ayblanuvchi bu ko‘rsatmani to‘liq inkor etdi. Ayblanuvchining himoyachilari esa nega tushunarsiz holatda mashinalarni qaytarib bergani, o‘rtada R.I. shikoyatim yo‘q deb ariza yozsa ham nega Mirvaliyevlardan shikoyat qilayotgani haqida so‘radi. 

Muhokamalar oxiriga yetmadi. Bu jabrlanuvchi bilan bog‘liq masalalar chuqur o‘rganishlar talab qilishi sababli sud majlisi 6 fevral kuniga qoldirildi. 


Maqola muallifi

Teglar

G'ofur Rahimov Oybek Miraliev Miralievlar ishi

Baholaganlar

534

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing