Dubayni suv bosdi: qator aviareyslar bekor qilindi (foto, video)

Olam

image

Birlashgan Arab Amirliklarida kuchli shamol, momaqaldiroq va jala quyayotgani tufayli Dubay xalqaro aeroportida bir nechta reyslar kechiktirildi va bekor qilindi. Favqulodda xizmatlar Abu-Dabi, Dubay, Sharja va Ras al-Hayma shaharlarida suv bosgan bir qancha yo‘llar yopilganini ma’lum qildi.

Qurg‘oqchil mintaqa uchun kamdan-kam kuzatiladigan kuchli yomg‘ir seshanbaga o‘tar kechasi boshlangan va Milliy meteorologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, chorshanbagacha davom etishi kutilmoqda.

Jumladan, Dubayda bir kechada 30 mm dan ortiq yomg‘ir yog‘gan. Bu qiymat kun oxirigacha 150 mm dan oshishi kutilmoqda. Shaharda to‘q sariq rangli favqulodda holat darajasi e’lon qilingan. Hukumat aholini zarurat bo‘lmasa, uylarini tark etmaslikka chaqirgan. Davlat muassasalari, shuningdek, ko‘plab xususiy sektor korxonalari masofaviy ishlashga o‘tgan. Noqulay ob-havo davom etar ekan, maktab va universitetlarda ham darslar onlayn shaklda bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Yomg‘ir tufayli avtomobil yo‘llari va pasttekislikdagi ko‘chalar ham suv ostida qolgan. 

"Mahalliy hokimiyat jamoat transporti harakatini cheklashga majbur bo‘ldi, metro uzilishlar bilan ishlaydi. Dubay politsiyasi haydovchilarni yomon ob-havo sharoitida mashinada sayohat qilmaslikka chaqirmoqda", deyiladi xabarda.

Ko‘pgina shahar ko‘chalarida to‘plangan suvni haydab chiqaradigan maxsus mashinalar ishlamoqda. Ushbu holat mamlakat uchun noodatiy bo‘lgani sababli, yo‘l infratuzilmasi kuchli yog‘ingarchilik uchun mos emasligi sezilmoqda. Drenaj tizimining yo‘qligi oqibatida kuchli yomg‘ir paytida binolarni suv bosgan.


Maqola muallifi

Teglar

Dubay

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing