Dubaydan Tel-Avivga uchgan samolyot favqulodda olib qochish signali berdi (video)

Olam

−

image

Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan Flydubai yo‘lovchi samolyoti favqulodda olib qochish signalini yuborib, Saudiya Arabistoni hududi tomon burildi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.

Qayd etilishicha, samolyot dastlab xalqaro favqulodda holatni bildiruvchi 7700 kodini yuborgan. Shundan ko‘p o‘tmay esa 7500 kodini bergan. Mazkur kod samolyotni olib qochish yoki bortga noqonuniy aralashuv holatini anglatadi.

Shundan so‘ng, Isroil Harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilib, yo‘lovchi samolyoti tomon yo‘naltirilgan. Isroil OAVlari Bosh vazir va Mudofaa vaziri favqulodda maslahatlashuv o‘tkazayotganini xabar qilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot bortida taxminan 180 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Keyinchalik u parvozlarni kuzatuvchi saytlarda ko‘rinmay qolgan.

Xabarlarga ko‘ra, samolyot Saudiya Arabistonining Tabuk shahri yaqinida qayd etilgan va mamlakat hududiga qo‘nishi kutilgan. Isroil xavfsizlik manbalari samolyot qo‘ngach, bortda nima sodir bo‘lganiga aniqlik kiritish mumkinligini bildirgan.

Keyingi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur reys FZ1073 bo‘lib, samolyot Boeing 737 MAX 8 rusumida bo‘lgan. Uning bortida 150 nafardan ortiq isroillik yo‘lovchi bo‘lgan. Shuningdek, samolyot olib qochilgani hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbul aeroportida Eronning “Caspian Airlines” aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyoti hibsga olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing