Global isish qishki Olimpiya o‘yinlariga ta’sir qilmoqda
Sport
−
15 yanvar 660 2 daqiqa
Global harorat isishi sababli Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) qishki Olimpiya o‘yinlarini qabul qilishi mumkin bo‘lgan shaharlar ro‘yxatini qisqartirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda XOQning qishki Olimpiya o‘yinlari mezbonlarini tanlash bo‘yicha komissiyasi raisi Karl Shtoss “Associated Press”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Tadqiqotchilarning fikricha, Yerda rekord darajadagi isish jarayoni davom etar ekan, kelgusi yillarda qishki Olimpiya o‘yinlarini barqaror va ishonchli tarzda o‘tkazish mumkin bo‘lgan joylar soni keskin kamayadi. Vaziyat shu qadar jiddiy tus olganki, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi o‘yinlarni mos keladigan shaharlarning doimiy guruhi o‘rtasida navbatma-navbat o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, Paralimpiya o‘yinlari mart oyida tobora iliq ob-havo sharoitida o‘tayotgani sababli, qishki o‘yinlarni mavsumning dastlabki davrida tashkil etish ehtimoli ham muhokama qilinmoqda.
Shtossning ta’kidlashicha, XOQ kelajakda qishki Olimpiya o‘yinlari uchun doimiy sport inshootlari tizimini yaratib, ularni navbatma-navbat mezbonlik qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin. Shuningdek, o‘yinlarni odatdagidan ertaroq muddatda o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu Paralimpiya o‘yinlari Olimpiadadan ikki hafta o‘tib boshlanishi hamda mezbon shaharlardagi iliq ob-havo bilan bog‘liq.
Vaterloo universiteti professori Danielya Skott va Insbruk universiteti dotsenti Robert Shtayger tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, hozirda qishki sport musobaqalarini o‘tkazish uchun yetarli infratuzilmaga ega bo‘lgan 93 ta tog‘li hududdan faqat 52 tasi 2050 yillarga borib ushbu talablarga javob bera oladi. 2080 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 30 taga kamayishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari Italiyadagi Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqalar joriy yilning 6-22 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi