Gleyzerlar “Yunayted”ni sotishga tayyor. Klubga narx ham belgilandi
Sport
−
05 Sentabr 2022
6693Angliyaning “Manchester Yunayted” klubiga egalik qiluvchi Gleyzerlar oilasi jamoani 3,75 milliard funt sterlingga sotishga tayyor. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniyaning eng boy odami va “Manchester Yunayted” sodiq muxlisi Jim Retkliff (2020 yilning aprel oyida "Bloomberg Billionaires Index" taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Retkliffning boyligi 28,2 milliard dollarni tashkil etadi) bunday summani to‘lay oladimi yoki yo‘q buni vaqt ko‘rsatadi. Avvalroq, Retkliff Londonning “Chelsi” klubini sotib olishga uringandi, ammo buning uddasidan chiqa olmagan.
Manbaga ko‘ra, "Manchester Yunayted"ni xarid qilishga yana bir da’vogar Dubay (BAA) suveren investitsiya fondi hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Gleyzerlar 2005 yildan beri “Manchester Yunayted”ga egalik qiladi. Ular rahbarligida “qizil iblislar” 2008 yilda Yevropa Chempionlar ligasida zafar quchgan. Shuningdek, Gleyzerlar boshchiligidagi “Yunayted” bir necha bor Angliya Premer ligasida g‘olib bo‘lgan. Biroq oxirgi yillar Manchester klubi uchun o‘ta omadsiz kechmoqda.