Gitlerning bunkeri o‘rnida turarjoy binosi qurilishi mumkin
Olam
−
30 iyun 1551 3 daqiqa
Berlinda rejalashtirilayotgan qurilish loyihasi ayni paytda katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Rejaga ko‘ra, Gitlerning sobiq Yangi reyxskanselyariyasi bunkeri turarjoy binolariga joy bo‘shatib berishi kerak. Bu haqda “Kronen Zeitung” gazetasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yer maydonida 66 ta xonadondan iborat yetti qavatli uy, shuningdek, olti qavatli ofis binosi qurish rejalashtirilgan.
Berlinning qurilish masalalari bo‘yicha senatori Kristian Gebler ob’ektni buzib tashlash tarafdori bo‘lib chiqmoqda. Uning hisoblashicha, u yerda turarjoy qurish lozim. Aks holda, bunker yangi “ziyoratgoh” markaziga aylanib qolishi mumkin.
Yodgorliklarni muhofaza qilish davlat boshqarmasi nuqtai nazaridan esa, ushbu bunker tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega. U Yangi reyxskanselyariya qurilishidan keyin saqlanib qolgan urushdan oldingi oxirgi boshpana hisoblanadi.
Yodgorliklar bo‘yicha davlat kengashi, shuningdek, ekspertlar guruhi 2025 yil mart oyida bunkerni saqlab qolish va uni yodgorliklar ro‘yxatiga kiritish maqsadga muvofiqligini bildirgan. Tavsiyanomada Yangi reyxskanselyariya Ikkinchi jahon urushini rejalashtirish maskani va uning boshlanish nuqtasi, shuningdek, natsistlar rejimini halokatli yakunining ramzi bo‘lgani qayd etilgan.
Bungacha Senatning shaharsolikni rivojlantirish va turarjoy qurilishi boshqarmasi bunkerni yodgorlik sifatida tan olmagan.
Germaniya tarix muzeyi ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi reyxskanselyariya Berlindagi natsistlar rejimining monumental hukumat va vakillik binosi bo‘lib, Adolf Gitler uni o‘zining hukmronlik da’volarining me’moriy ramzi sifatida qurgan. Fossshtrasse ko‘chasidagi ushbu bino 1934 yilda qurila boshlangan va atigi o‘n ikki oy ichida deyarli to‘liq bitkazilgan. Buning uchun butun bir shahar kvartali buzib tashlangan. 1945 yilda devonxona Qizil armiya tomonidan egallanib, 1949 yilda butunlay vayron qilingan.
Ma’lumot uchun, Adolf Gitler (1889–1945) – Germaniyaning siyosiy va davlat arbobi, diktator, natsizm (milliy-sotsializm) mafkurasining asoschisi va Ikkinchi jahon urushini boshlab bergan asosiy shaxs bo‘lib, u insoniyat tarixidagi eng shafqatsiz tiranlardan biri hisoblanadi. Asli kelib chiqishi avstriyalik bo‘lgan Gitler Birinchi jahon urushida oddiy askar sifatida qatnashgan va urushdan keyin Germaniya Milliy-sotsialistik ishchilar partiyasiga rahbarlik qila boshlagan. Iqtisodiy va siyosiy inqirozlardan foydalanib, u 1933 yilda qonuniy yo‘l bilan Germaniya reyxskansleri etib tayinlangan, biroq tez orada mamlakatdagi barcha demokratik institutlarni tugatib, mutlaq diktaturaga asoslangan Uchinchi reyx davlatini o‘rnatgan.
Gitlerning dunyoga hukmronlik qilish va Germaniya hududlarini kengaytirishga qaratilgan tajovuzkor tashqi siyosati oqibatida 1939 yil 1 sentyabrda Polshaga hujum qilingan va bu bilan Ikkinchi jahon urushi boshlangan. Uning o‘ta shafqatsiz irqiy nazariyasi millionlab beayb insonlarning tizimli ravishda qirib tashlanishiga olib kelgan – Gitler tomonidan tashkil etilgan o‘lim lagerlarida 6 millionga yaqin yahudiy va boshqa millat vakillari genotsid qilingan, bu voqea tarixga Xolokost nomi bilan kirgan. Urush yakunida, 1945 yil bahorida Ittifoqchilar qo‘shinlari Berlinni qurshovga olganda, Gitler mag‘lubiyatni tan olishdan va asir tushishdan qo‘rqib, 30 aprel kuni o‘z bunkerida xotini Yeva Braun bilan birga o‘z joniga qasd qilgan.
Live
Barchasi