Germaniyada 60 yildan so‘ng yo‘lovchi samolyoti ishlab chiqarish tiklandi
Olam
−
14:38 614 2 daqiqa
Germaniya 60 yildan ortiq tanaffusdan so‘ng yo‘lovchi samolyoti ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda “Naked Science” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Deutsche Aircraft kompaniyasi joriy yilning 29 sentyabr kuni Leypsig/Galle aeroportida D328eco mintaqaviy turbovintli samolyotining yakuniy yig‘ish liniyasi uchun mo‘ljallangan yangi ishlab chiqarish binosini ochgan.
Ishlab chiqarish binosining maydoni 60,5 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu qariyb sakkizta futbol maydoniga teng. Korxona to‘liq quvvatda ishlaganida yiliga 48 tagacha samolyot ishlab chiqarishi mumkin.
Deutsche Aircraft bosh direktori Niko Noymanning aytishicha, loyiha Germaniya aviatsiya sanoatining ildizlariga qaytishini anglatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 60 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor samolyotning butun hayotiy sikli Germaniyadagi yagona dastur doirasida birlashtiriladi.
D328eco mutlaqo yangi samolyot emas. U 1991 yilning dekabrida ilk parvozini amalga oshirgan Dornier 328 samolyotining takomillashtirilgan versiyasi hisoblanadi. Mazkur modelning ishlab chiqarilishi Fairchild Dornier kompaniyasi bankrot bo‘lganidan so‘ng 2002 yilda to‘xtatilgan.
Deutsche Aircraft yangi versiyada samolyot fyuzelyajini qariyb ikki metrga uzaytirib, 23,3 metrga yetkazgan. Yo‘lovchi sig‘imi esa 40 nafargacha oshirilgan. Bu dastlabki modelga nisbatan qariyb 20 foiz ko‘p.
Samolyot avvalgi dvigatellar o‘rniga har biri 2 750 ot kuchiga ega PW127XT-S turbovintli dvigatellar bilan jihozlanadi. Ekipaj kabinasi va bort avionikasi ham to‘liq yangilangan.
D328eco’ning ilk parvoz nusxasi 2025 yil may oyida Oberpfaffenxofendagi yig‘uv sexidan chiqarilgan. O‘sha vaqtda kompaniya samolyot turiga sertifikat olish va uni 2027 yilning to‘rtinchi choragida tijoriy foydalanishga topshirishni rejalashtirgan.
Live
Barchasi