Germaniyaning Isroil bilan birdamligi muhokama qilinmaydi – Shols
Olam
−
18 noyabr 2023
9025Germaniya kansleri Olaf Shols Berlin va Anqaraning Yaqin Sharqdagi mojaro bo‘yicha qarashlari turlicha ekanini, shuning uchun ham yuzma-yuz uchrashuvlar muhimligini aytdi. Bu haqda u kecha, 17 noyabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
"Hech kimga sir emaski, bu mojaro bo‘yicha qarashlarimiz har xil, butunlay boshqacha desa ham bo‘ladi", degan Shols Erdo‘g‘anga murojaat qilib.
"Germaniyani biladigan har bir kishi Isroil bilan birdamlik masalasi biz uchun muhokama qilinadigan mavzu emasligini tushunadi. Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega. Biz uchun Isroilning mavjud bo‘lish huquqi inkor etilmaydi", deydi Germaniya kansleri.
Shu bilan birga, Shols har bir hayot birdek qadrli ekanini aytgan va G‘azoda falastinlik tinch aholining azoblanishidan qayg‘uda ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an 27 oktyabr kuni Istanbulda Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan mitingda so‘zga chiqib, Anqara G‘azodagi operatsiya uchun Isroilni harbiy jinoyatchi deb e’lon qilishini aytib, buning uchun to‘liq javobgarlikni G‘arb o‘z zimmasiga olishiga ishora qilgandi.
LiveBarchasi