Germaniyalik mashhur operator aldandimi? U “O‘zbekkino” vakilidan 65 ming yevro talab qilyapti

Madaniyat-san’at

image

Dunyoga mashhur operatorlardan biri bo‘lgan Maks Suy “O‘zbekkino” milliy agentligiga norozilik bildirib xat yo‘lladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Maks o‘z xatida o‘zbekistonlik ijodkor yozuvchi, prodyuser va ssenariynavist Anvar Irgashev hamda prodyuser Yuliya Medvedovskayalar uni yangi “Geroy” loyihasiga postanovkachi rejissyor sifatida chaqirishga va’da berishgan. Oradan bir necha oy o‘tsa-da, loyihaga uni jalb etmaganliklarini bayon qilgan. 

Maks Suyning yozishicha, bu bo‘yicha muzokaralar Belarusda bo‘lib o‘tishi va’dalashilgan. 

Loyihaning moliyalashtirish ishlari hal bo‘lmagach, Anvar Irgashev va Yuliya Medvedovskaya Maksni loyihaga chaqirmaganlar.

Maks Suy og‘zaki kelishuvga ko‘ra “Geroy” loyihasiga chaqirilishiga ishonib, boshqa shartnomalarni bekor qilgan. Endilikda operator Maks Suy mazkur kelishuvning amalga oshmaganidan 65 ming yevro miqdorida mablag‘ yo‘qotganini bildirib, bu pullarni o‘zbekistonlik ikki ijodkor to‘lab berishini talab qilmoqda. 

Maks Suy turli kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlagani va o‘zining jahon kinoindustriyasidagi mavqeiga ishora qilib, uning aldangan va bekor o‘tkazgan vaqti shuncha narxga teng ekanini yozadi. 

U “O‘zbekkino” milliy agentligiga hurmatini izhor qilib, agentlik rahbari Furqat Zokirovdan bu ishga befarq bo‘lmaslikni so‘ragan.

“O‘zbekkino” milliy agentligi rahbari Furqat Zokirov bu ish bo‘yicha quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan:

“Maks Suy kino olamida o‘z obro‘siga ega bo‘lgan operatorlardan. Men uning xati bilan tanishib chiqib, undan loyihaga taklif etilganligini va o‘zaro kelishuvlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishini so‘radim. Afsuski, Maks hujjatlarni yuborgani yo‘q. Shuningdek, Anvar Irgashev va Yuliya Medvedovskayalar ham o‘rtada shartnoma bo‘lganini tasdiqlamadilar. Demak, o‘zaro shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, og‘zaki kelishuv yoki taklif bo‘lgan. Og‘zaki taklif bilan Anvar Irgashev va Yuliya Medvedovskayalarni jarimaga tortish yoki ularni sudga berib, ulardan pul undirishning imkoni yo‘q. Og‘zaki kelishuvlar hech qanday yuridik xarakterga ega emas. Maks Suy og‘zaki taklifni inobatga olib, boshqa shartnomalarni bekor qilgan bo‘lsa, bu uning shaxsiy qarori. Buning uchun boshqa odam javobgar bo‘la olmaydi. Men u ijodkorni hurmat qilaman ammo, og‘zaki taklifga ishonib qolganini ro‘kach qilib, pul talab qilishi uning obro‘siga to‘g‘ri kelmaydigan ish. Tajribada bunday vaziyatlarni kuzatgan emasman. Kelishuvlar odatda shartnomalar bilan tasdiqlanadi va bu butun jahonda qabul qilingan me’yor. Anvar Irgashev va Yuliya Medvedovskayalar Maks Suydan tashqari yana bir nechta operatorga loyihani taklif etgan bo‘lishi mumkin. Odatda loyihalar bo‘yicha bir nechta ijodkor bilan gaplashilib, keyin bir kishi tanlanadi. Shunday ekan, men bu yerda “O‘zbekkino” milliy agentligi vakillarini aybdor deb, bilmayman. Agar Suyda biron hujjat bo‘lsa, marhamat, bizga taqdim qilsin, biz uni o‘rganib chiqib, shu asosda ish ko‘rishga tayyormiz". 

Ma’lumot o‘rnida, Maks Suy “Skorpion” (2018), “World of Wolfram” (serial, 2016), “ Diebe des Schlafes” (2015), “Philipp Dittberner: Das ist dein Leben” (2015) kabi film loyihalarida ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekkino Maks Tsuy Anvar Irgashev Yuliya Medvedovskaya

Baholaganlar

102

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing