“O‘zbekkino” mansabdorlariga ochilgan jinoyat ishining Saida Mirziyoyeva va “Mendirman Jaloliddin” serialiga aloqasi yo‘q
Madaniyat-san’at
−
11 Oktabr 2020
20619Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan “O‘zbekkino” Milliy agentligida aniqlangan holat bo‘yicha Jinoyat ishi ochilgani, ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilayotgani haqida xabar bergan edik. Ushbu masala “Mendirman Jaloliddin” seriali va loyiha rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining to‘ng‘ich qizi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva bilan aloqador emas. Gap boshqa film xususida bormoqda.
QALAMPIR.UZ to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha tashkiliy guruhi avval boshdan “O‘zbekkino” mablag‘larini, shu jumladan ssenariyni ham rad etgan. Serial to‘la-to‘kis homiylik mablag‘lari evaziga suratga olinmoqda va uning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum byudjeti 7 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Loyihaga boshchilik qilganlar, serialga tayyorgarlik jarayonlari boshlangan ilk kunlardanoq u homiylik mablag‘i evaziga suratga olinayotgani va serialni “Orient Finans Bank” moliyalashtirayotganini aytib kelmoqda. so‘z bilan aytganda uning moliyaviy manbasi yashirilgani yo‘q. Taqdimot marosimida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham serialga homiylik qilgani uchun “Orient Finans Bank” rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, avval boshdanoq ishchi nomi “Menman, Jaloliddin” nomli filmga ajratilgan “O‘zbekkino” MA mablag‘i va Nazar Eshonqul tomonidan yozilgan birlamchi ssenariy rad etilgan. Serialni suratga olish ishlarida “O‘zbekkino” MA ishtirok etmagan.
Bosh prokuraturaning qayd etishicha, “O‘zbekkino” Milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu ishga “Orient Finans Bank” homiyligida Turkiya tayyorlanayotgan “Mendirman Jaloliddin” seriali va ushbu loyiha rahbariyatining aloqasi yo‘q.
Mazkur jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti mutaxassislari tomonidan “O‘zbekkino” Milliy agentligida o‘tkazilgan tekshiruv hujjatlari asos bo‘lgan.
Tergov jarayonida,“O‘zbekkino” Milliy agentligining faoliyatiga tegishli hujjatlar olinib, moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuzasidan taftish tayinlangan.
Aniqlanishicha, 2018 yil 22 iyunda “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamda “Best organaizer” MCHJ o‘rtasida “Menman, Jaloliddin” nomli film yaratish haqida dastlabki shartnoma tuzilib, shartnomaga muvofiq oldindan avans sifatida 533 mln so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
“Mendirman Jaloliddin” nomi bilan Turkiya Respublikasidagi hamkorlar bilan olib borilganligi, uni ishlab chiqarish xarajatlari byudjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilganligi sababli, “O‘zbekkino” Milliy agentligidan ajratilgan mablag‘lar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda byudjetga qaytarilgan.
Ayni masala yuzasidan "O‘zbekkino" Milliy agentlig ham o‘z munosabatini bildirdi va jinoyat ishi bu "“Mendirman Jaloliddin” serialiga aloqador emasligini ma’lum qildi.
"Jinoyat ishiga Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning mutlaqo aloqasi yo‘q bo‘lib, tarqatilgan ma’lumotlar asossiz ekanligini ma’lum qilamiz", deydi agentlik.
Agentlikning ham tasdiqlashicha, ushbu jinoyat ishi aynan “Mendirman Jaloliddin” filmiga nisbatan ochilgan emas.
"Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Agentlik OAV vakillari, blogerlar va ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilaridan ushbu tekshirilmagan axborotni noo‘rin talqin qilmaslikni so‘raydi. Chunki bu tergov jarayonlariga bosim o‘tkazish yoki ta’sir ko‘rsatishga urinish, deya baholanishi mumkin", deyiladi bayonotda.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr