Germaniyadan O‘zbekistonga insonparvarlik yordami keldi
Jamiyat
−
28 iyul 2020
6025O‘zbekistonning tibbiy va ijtimoiy muassasalarini koronavirusga qarshi kurashishda qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, texnogen falokatdan aziyat chekkan Sirdaryo viloyatiga yordam sifatida Germaniyadan insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ma’lum qildi.
Yordam yuki elchixonaning “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazgan aksiyasi doirasida to‘plangan.
Unda to‘plangan tibbiyot jihozlari, nogironlar aravachalari, dori-darmonlar, turli xil tibbiyot asbob-uskunalari, materiallar va himoya vositalaridan iborat umumiy og‘irligi 2,8 tonnadan ortiq bo‘lgan gumanitar yuk O‘zbekistonga yuborilgan.
Gumanitar yuk “Sog‘lom avlod uchun” jamoat fondi nomiga yuborildi. Fond O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda insonparvarlik yordamining to‘g‘ri taqsimlanishini ta’minlaydi.
“Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti 1967 yil tashkil etilgan. U hozirda dunyoning 35 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi. 12 yoshgacha bo‘lgan bemor bolalarni davolash va reabilitatsiya qilishda yordam berish tashkilotning asosiy vazifasi hisoblanadi. Tashkilot har yili Germaniya klinikalarida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 1 ming 500 dan ortiq bolani bepul davolaydi va reabilitatsiya qiladi.
LiveBarchasi