Germaniyadagi vatandoshlar Sirdaryo va Buxoroga moddiy yordam yubordi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston yoshlar assotsiatsiyasining mazkur davlatdagi vakili va bir guruh O‘zbekiston fuqarolari tomonidan “Kuch birlikda” xayriya aksiyasi tashkil qilindi. Bundan maqsad Sirdaryodagi suv toshqini va Buxorodagi tabiiy ofatlardan zarar ko‘rgan aholiga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘ldi.

 “Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, Sirdaryo va Buxoro viloyatlari aholisi boshiga tushgan sinovlarga befarq bo‘lmagan yuzlab vatandoshlar, Germaniya jamoatchiligi vakillari aksiyada faol ishtirok etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xayriya doirasida yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan O‘zbekistonda tabiiy ofatlardan zarar ko‘rgan 600 dan ziyod oilaga zarur kundalik gigiyenik va tibbiy vositalar, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.

Suv toshqini oqibatida boshpanasiz qolib, Guliston shahridagi qurilish kasb-hunar kolleji binosiga joylashtirilgan Sardoba tumanining “Qo‘rg‘ontepa” mahallasi, Oqoltin tumanining “Uchtom” mahallasidan evakuatsiya qilingan 120 nafar hamda Guliston olimpiya zaxiralari kolleji binosiga joylashtirilgan Oqoltin tumanining “Chinobod” va “Shodlik” mahallalaridan 130 nafar oila ana shunday yordamdan bahramand bo‘ldi.

Shuningdek, Buxoro viloyatining tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan Olot, Peshku va Qorako‘l tumanlaridagi 75 nafar xonadon egalariga zarur ko‘mak ko‘rsatildi. O‘zbekistonning turli hududlarida moddiy qiynalgan va boquvchisini yo‘qotgan 300 dan ortiq oilaga ham ular ehtiyojidan kelib chiqib, xayriya yordamlari taqdim etildi.

Ma’lum qilinishicha, Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan sardobalik yana 200 oilaga moddiy yordam berish ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya

Baholaganlar

55

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing