Germaniyadagi tojik muhojirlari Prezident Rahmonning kortejiga tuxum otdi

Olam

image

Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari qatorida Germaniya kansleri Olaf Shols bilan “5+1” formatidagi uchrashuvlarda qatnashish uchun 28-30 sentyabr kunlari Berlinga borgan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon o‘tirgan avtomobilga tuxum uloqtirildi. 

29 sentyabrda muxolif “Milliy Alyans” va “Guruh 24” harakatlarining 30 nafarga yaqin a’zosi Tojikistonning Berlindagi elchixonasi oldida norozilik namoyishlarini o‘tkazgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham Berlinda Imomali Rahmonning kortejiga tosh va tuxumlar bilan hujum qilingani aks etgan videolar tarqaldi. Kadrlarda Tojikiston Prezidenti o‘tirgan mashina oynasi yorilib ketganini ham ko‘rish mumkin. 

“Germaniyadagi tojik muhojirlari Prezident qo‘riqchisini kaltakladi va Rahmon kortejiga hujum qildi.

Avvaliga kafeda Rahmonning qo‘riqchilaridan biri tojik muxolifatchilari bilan gaplashgan. Birozdan so‘ng, kelishmovchilik chiqib, u faollardan birini tepgan. Bunga javoban kafeda yig‘ilgan muxolifatchilar guruhi qo‘riqchini kaltaklagan”, deyiladi bu haqdagi xabarda.

Unga ko‘ra, xuddi shu kuni tojik muhojirlari Berlindagi Prezident kortejiga qarata tosh va tuxumlar uloqtirgan. Germaniya politsiyasi 30 ga yaqin muxolifatchi tomonidan uyushtirilgan hujumning oldini olishga uringan, ammo natija bo‘lmagan. 

Tojik muxolifati Prezident Imomali Rahmonni yakkahokimlikda, barcha lavozim va boyliklarni o‘z qarindoshlari orasida taqsimlashda, o‘zgacha fikrga toqatsizlikda hamda inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzishda ayblagan.

“Ozodlik” radiosi tojik xizmatining xabar berishicha, ayni paytda Tojikistonda Germaniya poytaxti Berlinda namoyish o‘tkazgan va Prezident Imomali Rahmonning kortejiga tuxum otgan muxolifatchilarning qarindoshlari ommaviy tarzda hibsga olinyapti.

Jumladan, xorijda yashovchi muxolifatchi Shoxrajab Shoxim oila a’zolari Panjikent shahar militsiyasiga olib ketilganini aytgan.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Berlin Imomali Rahmon tuxum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing