Germaniyadagi toshqin: qurbonlar soni soat sayin ortmoqda
Olam
−
16 iyul 2021
6607Germaniyada kuchli toshqindan halok bo‘lganlar soni 93 kishiga yetdi, 1300 dan ortiq kishi esa bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda “Bild” nashri xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, Shimoliy Reyn-Vestfaliyada 43 kishi, Reynland-Pfalsda esa 50 kishi vafot etgan.
“Afsuski, bu raqamlar ortishi xavfi bor”, degan mahalliy politsiya vakili.
Qayd etilishicha, qidiruv va tiklash ishlari davom etmoqda, ularga harbiylar jalb qilingan. O‘nlab turar joy binolari vayron bo‘lgan, ular suv ostida qolgan yoki jiddiy zarar ko‘rgan. Poyezdlar harakati to‘xtatilgan, magistral yo‘llar to‘sib qo‘yilgan. Reyn kemalar o‘tishi uchun yopilgan.
Ta’kidlanishicha, qo‘shni Belgiyada ham qurbonlar bor. Mamlakat rasmiylari 11 jasad topilgani haqida xabar bergan. Mamlakatning sharqi, ayniqsa, Maas daryosi havzasi ham kuchli yog‘ingarchilik tufayli suv ostida qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Bernd sikloni tufayli joriy yilning 12 iyul kuni Germaniyaga kuchli yomg‘ir yog‘gandi.
LiveBarchasi