Germaniyadagi toshqin: qurbonlar 70, yo‘qolganlar 1,3 ming kishiga yetdi (foto)

Olam

image

Avvalroq, Germaniyada kuchli yomg‘ir va toshqin natijasida kamida yetti kishi halok bo‘lgani, taxminan 50-60 kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergandik.  

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyada toshqinlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 70, yo‘qolganlar soni 1,3 ming kishiga yetgan. Bu haqda mamlakat Hukumatiga tayanib xabar berilgan.  

O‘tgan kechada Reynland-Pfals federal shtatida yana to‘qqiz jasad, Shimoliy Reyn-Vestfaliyada esa to‘rt jasad topilgan. 

“Hozir biz 1,3 mingga yaqin bedarak yo‘qolganlar bor deb taxmin qilamiz. Birgina Bad-Noyenar-Arvaylerda mingga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘lgan va qutqaruv ishlari davom etmoqda. Qiyin vaziyatni hisobga olgan holda, vaziyatga nisbatan yakuniy xulosalar qilish hozircha mumkin emas”, deyilgan xabarda. 

G‘ayritabiiy yomg‘irlar natijasida mamlakatning eng rivojlangan va aholisi zich joylashgan mintaqasi — Shimoliy Reyn-Vestfaliyani, shuningdek, bir necha qo‘shni yerlarni suv bosgan. 

O‘nlab turar-joy binolari vayron bo‘lgan, suv ostida qolgan yoki jiddiy zarar ko‘rgan. Poyezdlar harakati to‘xtatilgan, magistral yo‘llar to‘sib qo‘yilgan. Reyn kemalar o‘tishi uchun yopilgan. 

Ta’kidlanishicha, qo‘shni Belgiyada ham qurbonlar bor. Mamlakat rasmiylari 11 jasad topilgani haqida xabar bergan. Mamlakatning sharqi, ayniqsa, Maas daryosi havzasi ham kuchli yog‘ingarchilik tufayli suv ostida qolgan.

 

 

 


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya toshqin

Baholaganlar

214

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing