Germaniyada yangi saylangan mer pichoqlab ketildi
Olam
−
08 Oktabr 6417 2 daqiqa
Germaniya g‘arbida joylashgan Herdeke shahrida (Shimoliy Reyn–Vestfaliya federal yeri) noma’lum shaxslar shaharning yangi saylangan meri Iris Shtalserni pichoqlab ketdi. Bu haqda “Bild” xabar berdi.
OAVga ko‘ra, voqea yuzasidan tergovni olib borayotgan Hagen shahri politsiyasi belgilangan radiusda keng qamrovli qidiruv ishlarini boshlab yuborgan.
Hujum qilgan shaxs haqida dastlab ma’lumot bo‘lmagan. Hujum, ehtimol, yangi saylangan merning uyi yaqinida sodir bo‘lgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Shtalser bir necha pichoq jarohati olgach, uyiga kirishga ulgurgan.
Uyda u paytda uning 15 yoshli asrab olingan o‘g‘li va 17 yoshli asrab olingan qizi bo‘lgan. Aynan ular qutqaruv xizmatlarini chaqirgan. Shtalserning o‘g‘li politsiyaga ko‘chada onasiga bir nechta erkak hujum qilganini aytgan.
7 oktyabr oqshomida politsiya va prokuratura bu ishda oilaviy sabablar borligini taxmin qilayotganini ma’lum qilgan. Hozirgacha voqeada siyosiy motivlar borligini ko‘rsatuvchi dalillar topilmagan.
Iris Shtalser huquqshunos bo‘lib, saylovlardan avval Herdekedagi shahar kengashi a’zosi edi. Uning rasmiy lavozimga kirishishi 4 noyabrga rejalashtirilgan edi.
Hagen politsiyasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, voqea joyida soat 12:40 da maxsus operatsiya o‘tkazilgan. Shtalser hayot uchun xavfli jarohatlar bilan vertolyotda shifoxonaga yetkazilgan va hozirda reanimatsiyada.
Voqeadan xabar topib, jim turolmagan kansler Fridrix Mers bu hujumni “jirkanch jinoyat” deb atagan va tezkor tergov o‘tkazishga chaqirgan.
“Biz yangi saylangan mer Iris Shtalserning hayotidan xavotirdamiz va uning to‘liq sog‘ayib ketishini tilaymiz”, degan kansler.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada bo‘lib o‘tadigan mahalliy saylovlar arafasida turli partiyalardan 16 nafar nomzod vafot etgandi. Politsiya barcha o‘lim holatlari tabiiy sabablar oqibati ekanini tasdiqlab, siyosatchilarni qasddan yo‘q qilish bo‘yicha tarqalgan fitna nazariyalarini rad etgan.
Live
Barchasi