Germaniyada so‘nggi 30 yillikdagi eng yirik ish tashlash bo‘ldi
Olam
−
27 mart 2023
9660Bugun, 27 mart kuni Germaniyada transport xodimlarining keng ko‘lamli ish tashlashi boshlandi. Bu mamlakatda so‘nggi 30 yilda sodir bo‘lgan eng yirik ish tashlash deb aytilmoqda. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ish tashlash EVG temiryo‘lchilar kasaba uyushmasi va Verdi kasaba uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. U 24 soat davom etadi va butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab transport turlarining ishlashiga ta’sir qiladi.
Ish tashlash oqibatida Gamburg, Gannover, Dortmund, Drezden, Dyusseldorf, Leypsig, Myunxen, Nyurnberg, Frankfurt-na-Mayn, Shtutgart, shuningdek, Kyoln-Bonn aeroportlaridagi deyarli barcha reyslar bekor qilingan.
Ayni vaqtda Berlin aeroporti ishlashda davom etmoqda, biroq samolyotlar ish tashlashlar bo‘layotgan Germaniyaning boshqa shaharlaridagi aeroportlarga uchmayapti. Deutsche Bahn temir yo‘l konserni ham butun mamlakat bo‘ylab shaharlararo poezdlar harakati to‘xtatilganini e’lon qilgan. Shu bilan birga, kompaniya poyezdlar harakati bilan bog‘liq muammolar ertaga, 28 mart kuni ham davom etishini kutmoqda. Aksariyat shahar atrofidagi poyezdlar harakat qilmaydi, chunki ularning operatori DB Regio ham ish tashlashga qo‘shilgan.
Germaniyaning yetti viloyatida jamoat transportining bir qismi harakati ham bekor qilingan. Nemis avtoban operatori ham ish tashlashga qo‘shildi. Shu bilan birga, kompaniya favqulodda xizmatlar uchun rejalashtirilgan kelishuvlarga asoslanib, tunnellarning yopilishi haqidagi xavotirlarni rad etgan.
Ish tashlashda 350 mingga yaqin transport xodimlari ishtirok etishi kutilmoqda. Kasaba uyushmalari ularning ish haqini oshirmoqchi.
Verdi xodimlarning ish haqini 10,5 foizga oshirishni va oyiga 500 yevrodan kam bo‘lmasligini talab qilmoqda. EVG esa nemis temir yo‘llari xodimlarining ish haqini 12% ga oshirib, kamida oyiga 650 yevroga chiqarish tarafdori.
Verdi rahbari Frank Vernekening aytishicha, mazkur holat Germaniyada 1992 yildan beri eng yirik ish tashlash bo‘ladi. U 27-29 mart kunlari Potsdamda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan kasaba uyushmalari va Germaniya hukumati vakillari o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi raundi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 mart kuni Uzbekistan Airways ham mazkur ish tashlash sababli bugungi Toshkent-Frankfurt-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY231/232 reyslarini bekor qilgan edi.
LiveBarchasi