Germaniyada Erdo‘g‘anga qiruvchi samolyot bo‘yicha lom-mim deyishmadi
Olam
−
18 noyabr 2023
8539Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Germaniyaga tashrifi chog‘ida mamlakat rasmiylari Anqaraga Eurofighter qiruvchi samolyotlarini sotish imkoniyati haqida izoh bermaganini aytdi. Bu haqda u Germaniyadan qaytayotgan samolyot bortida turkiyalik jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Kansler [Olaf Shols] bu mavzuga tegmadi. U Eurofighter’ni berish yoki bermaslik haqida miq etmadi. Biz aniq aytdik – ular samolyotlarni beradigan bo‘lsa, demak beradi. Agar yo‘q bo‘lsa, bizda boshqa [samolyotlarni qabul qilish] imkoniyati yo‘qmi? Bor, albatta. S-400 havo mudofaa tizimini olishdan avval qanday qadamlar tashlanganini bilasizmi? Amerika bizga raketaga qarshi mudofaa tizimini bermadi, biz esa Rossiyadan S-400’ni sotib oldik. Hozir bizda ular bor”, deydi Erdo‘g‘an.
Turkiya rahbari o‘z mamlakatining qurol-yarog‘ ishlab chiqarish sohasida “yana jadalroq rivojlanishiga” ishonch bildirgan.
"Biz o‘z qurollarini ishlab chiqaradigan va boshqaradigan davlat bo‘lish yo‘lidan bormoqdamiz. Bundan tashqari, o‘zimizning qiruvchi samolyotlarga bo‘lgan ehtiyojimizni doimiy ravishda qondirish ustida ishlayapmiz", deydi u.
Ma’lumot uchun, 16 noyabr kuni Turkiya Milliy mudofaa vaziri Yasar Guler Anqara Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlarini sotib olmoqchiligini aytgan. U Buyuk Britaniya va Ispaniyadan 40 ta Eurofighter sotib olish rejalari borligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, ikki davlat oldindan rozilik bergan, biroq Germaniya bunga rozi emas.
Eslatib o‘tamiz, Erdo‘g‘an Berlinga borishidan oldin Sholsdan qiruvchi samolyot so‘rashi kutilayotgani, Germaniya esa buni rad etishi mumkinligi aytilgandi. Tashrif davomida esa nemis matbuoti vakili Erdo‘g‘andan Berlin Anqaraga Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlarini sotish-sotmasligi haqida savol so‘raganda, Turkiya rahbari jurnalistga Turkiyaga bu bilan tahdid qilmaslikni maslahat bergandi.
LiveBarchasi