Germaniyada Alisher Usmonovning ko‘chmas mulki yana tintuv qilindi – “Reuters”
Olam
−
06 Oktabr 2023
7084Germaniya politsiyasi va bojxona xodimlari Myunxen va Tegernze shaharlarida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli Yevropa sanksiyalari ostida qolgan milliarder Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan bir qancha mulklarni tintuv qildi. Bu haqda “Reuters” manbasiga tayanib xabar berdi.
Germaniya bojxona organlari tomonidan sanksiyalar bo‘yicha tuzilgan “Matryoshka” maxsus komissiyasi tintuvlar sud qarori asosida o‘tkazilganini ma’lum qilgan. Germaniya rasmiylari rossiyalikning ismini oshkor qilmagan.
“Reuters” manbasiga ko‘ra, gap milliarder Alisher Usmonov haqida ketmoqda. Germaniyaning “Bild” nashri politsiya Usmonovning Bavariyaning Rottax-Egern shahrida, Tegernzi ko‘li qirg‘og‘idagi villasiga reyd uyushtirganini da’vo qilmoqda. Uydan qimmatbaho buyumlar, jumladan, Mercedes Maybach S500 kabi hashamatli avtomobillar musodara qilingan.
“Germaniya huquq-tartibot idoralarining Alisher Usmonovga nisbatan xatti-harakatlari katta hayrat va sharmandalik hissini uyg‘otadi. Usmonov vakillari tintuvlar unga tegishli ob’ektlarda o‘tkazilganini inkor etmoqda. Milliarder o‘zi asos solgan trest aktivlari ustidan nazorat qilish huquqiga ega emas va trestga tegishli mol-mulk bilan hozir nima bo‘layotganini bila olmaydi”, deyiladi tadbirkorning matbuot xizmati munosabatida.
Shuningdek, milliarderning matbuot xizmati qidiruvlarni qo‘rqitishning navbatdagi epizodi deb atagan.\
Eslatib o‘tamiz, avval ham Germaniya Federal jinoiy politsiya boshqarmasi va soliq tekshiruvi departamenti xodimlari Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan Myunxen yaqinidagi bir qancha mulklarda tintuv o‘tkazgandi. Xususan, uning Bavariyadagi uyiga bostirib kirilgan. Myunxen prokuraturasi vakilining aytishicha, tintuvlarda 250 nafar politsiyachi ishtirok etgan, jami 24 ta ob’ekt tintuv qilingan.
Shuningdek, o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgandi. Unda milliarder Bremen portidagi “Dilbar” yaxtasida o‘tkazilgan tintuvlar uning mulk daxlsizligiga bo‘lgan huquqining buzilishi ekanini da’vo qilgandi. Shundan so‘ng, Frankfurt-Mayn viloyat sudi Germaniyada Alisher Usmonovni himoya qiluvchi Myunxen advokatlik idorasida o‘tkazilgan tintuvni noqonuniy deb topdi.
Usmonovga qarshi sanksiyalar
2022 yilning 28 fevralida Yevropa Kengashi Usmonovni Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishga hissa qo‘shgan shaxslar “qora ro‘yxati”ga kiritgan. Uning Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlangan, YeIdagi aktivlari esa muzlatilgan. O‘tgan yilning 29 aprel kuni Usmonov Yevroittifoq sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganiga norozilik bildirib, Yevropa sudiga da’vo arizasi bergan. Da’vogar YeI Kengashining unga nisbatan cheklov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishni va sud qarori chiqarilgunga qadar taqiqlovchi choralarni qo‘llashni to‘xtatib turishni so‘ragan. Biroq, Yevropa sudi Usmonovning da’vosini tez ko‘rib chiqish haqidagi so‘rovni rad etgan.
Oldinroq Alisher Usmonov Italiyaning “Corriere Della Sera” nashriga bergan intervyusida Rossiyada tadbirkorlar hukumatning topshiriqlarini bajarishi haqidagi gaplar yolg‘on ekanini, uning o‘zi hech qachon davlatdan shubhali yordamlar olmagani hamda doim shaffoflikda ishlaganini aytgandi.
LiveBarchasi