Germaniya Yaqin Sharqdagi diplomatlarini kamaytiryapti

Olam

image

Germaniya kecha, 28 sentyabr kuni Yaqin Sharqda vaziyat jiddiylashishi tufayli Isroil, Falastin va Livandagi diplomatik xodimlarini qisqartirishga qaror qildi. Bu haqda DPA axborot agentligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, hukumatning inqirozni muvofiqlashtirish guruhi Germaniyaning Bayrut va Tel-Avivdagi elchixonalari hamda Ramallohdagi diplomatik vakolatxonasi xodimlarini xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat tufayli kamaytirishga qaror qilgan.

Isroil, Falastin va Livandagi diplomatik xodimlarning oilalariga Germaniyaga qaytish yoki mintaqadagi boshqa xavfsiz joyga ko‘chib o‘tish buyurilgan.

Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi taranglik Isroilning so‘nggi zarbalarida guruh rahbari Hasan Nasrulloh va boshqa yuqori lavozimdagi qo‘mondonlari o‘ldirilganidan so‘ng tarixdagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi.

Isroilning Bayrutga bergan zarbasi oqibatida “Hizbulloh” harakati rahbari Hasan Nasrulloh o‘lishi ortidan Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy xavfsizlik choralari kuchaytirilgan mamlakat ichidagi xavfsiz joyga ko‘chirildi. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa “Hizbulloh” yetakchisini o‘ldirishda AQSHni aybladi. Davlat rahbari o‘z bayonotida Nasrullohni Isroilga qarshi kurashi uchun olqishladi va “sionistlarning terror hujumi qarshilik oilasini har qachongidan ham kuchliroq qilishini” ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 27 sentyabr kuni kechqurun Isroil harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari “Hizbulloh” tashkiloti shtab-kvartirasi joylashgan Bayrutning janubiy chekkasidagi aholi zich joylashgan Dahiya tumaniga kamida 10 marta raketa hujumi uyushtirgandi. Kecha, 28 sentyabr kuni SAXAL “Hizbulloh” harakati rahbari Hasan Nasrulloh o‘lganini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay “Hizbulloh” ham rahbarining halok bo‘lganini tasdiqladi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Falastin Isroil Livan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing