Germaniya o‘zbekistonlik noqonuniy muhojirlarni chiqarib yubormoqchi
Olam
−
03 Oktabr 2023
7299Germaniya hukumati olti davlat, jumladan, Gruziya va Moldova bilan noqonuniy muhojirlarni o‘z hududiga qaytarish yuzasidan migratsiya kelishuviga oid muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Germaniya Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
“Hozircha biz Gruziya, Moldova, Keniya, Qirg‘iziston, Kolumbiya va O‘zbekistonni nomlashimiz mumkin”, deya vazirlik vakilidan iqtibos keltirgan DPA agentligi.
Mumkin bo‘lgan kelishuvlarning maqsadi Germaniyadan boshpana so‘rab murojaat qilgan, ammo rad etilgan fuqarolarni ushbu mamlakatlarga qaytarish jarayonini soddalashtirishdir.
2023 yilning birinchi yarmida Gruziya va Moldovadan Germaniyaga 10 mingga yaqin boshpana izlovchilar kelgan.
Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer “Corriere della Sera” gazetasiga avvalroq aytganidek, Germaniya qochqinlarni qabul qilish imkoniyatlarini amalda tugatdi. Davlat rahbari, shuningdek, yilning birinchi olti oyida Germaniyada boshpana so‘rab 162 ming so‘rov tushganini bildirdi, bu “Yevropa Ittifoqidagi umumiy raqamning uchdan bir qismi”.
Avgust oyida “Bild” gazetasi 2023 yilning birinchi yetti oyida Germaniyaga ruxsatsiz kirishlar soni 2022 yilning mos davriga nisbatan 51 foizga oshib, 43 815 nafarga yetganini ma’lum qilgan edi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, ayniqsa chegarada vaziyat og‘ir. Polsha bilan, politsiya xodimlari 14303 ta noqonuniy chegarani kesib o‘tishni qayd etgan, bu 2022 yilga nisbatan 143,7% ga ko‘pdir. Shveysariyadan ruxsatsiz kirishlar soni 201,8 foizga oshgan.
Germaniya hozir Polsha va Chexiya bilan chegaralarida kuchaytirilgan nazoratni amalga oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28-30 sentyabr kunlari Germaniyaga tashrif buyurdi. U Berlin shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuvida ishtirok etgan. O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlari ikki tomonlama uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilgan. Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols raisligida o‘tgan “Markaziy Osiyo - Germaniya” formatidagi birinchi sammitda O‘zbekiston Prezidenti uzoq muddatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning ikki tomonlama muzokaralarida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
LiveBarchasi