Germaniya sudi “Usmonov ishi”ni ko‘rib chiqdi

Olam

image

Germaniyada “Usmonov ishi” doirasida unga tegishli yaxta va villalarda noqonuniy tintuv o‘tkazilish holati sudda ko‘rib chiqildi. Frankfurt-na-Mayn tuman sudi 2022 yil Germaniya huquq-tartibot idoralari tomonidan Alisher Usmonov ishi bo‘yicha o‘tkazilgan bir nechta tintuvlarni noqonuniy deb topdi. Bu haqda “Der Spiegel” nashri xabar berdi

Sudda Germaniya Federal Jinoyat boshqarmasi va soliq inspektorlari tomonidan 2022 yilning sentyabr oyida Tegernseye ko‘li bo‘yida joylashgan bir nechta villalarda, Frankfurt-na-Mayndagi kvartirada va Bremen portidagi “Dilbar” yaxtasida o‘tkazilgan tintuvlar hamda san’at buyumlari musodara qilingani holati ko‘rib chiqilgan.

Sudning fikricha, Frankfurt prokuraturasi Usmonovni pul yuvishda gumon qilish uchun yetarlicha asoslar keltirmagan. Bundan tashqari, buyurtmalarda jiddiy xatolar aniqlangan. Sudda, xususan, prokuratura o‘z dalillarida Aleksey Navalniyning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Usmonovga oid videolavhalariga ko‘p tayangani tanqid qilingan.

“Tergovchilar tadbirkor tomonidan ishonchsiz deb hisoblangan bitimlar bo‘yicha dalillar keltira olmagan. Musodara qilingan hujjatlar va san’at buyumlarining tez orada qaytarilishiga umid qilishning hojati yo‘q, chunki ular boshqa holat – soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha olib qo‘yilgan. Bundan tashqari, Usmonov Germaniyada ham sanksiyalar rejimini buzganlikda gumon qilinmoqda”, deyiladi xabarda.

“Gauweiler&Sauter” advokatlik byurosi Usmonov manfaatlarini himoya qilib, sud qarorini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi Usmonovning “pul yuvish”da gumon qilinayotgani haqidagi iddao asossiz ekanligi va Frankfurt prokuraturasi tomonidan bu ish bo‘yicha barcha tintuvlar noqonuniy deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 2 mart kuni Alisher Usmonovning 600 million dollarlik 156 metrga teng “Dilbar” yaxtasi Germaniya shimolidagi Gamburg shahrida musodara qilingandi. Keyinchalik Germaniya Federal jinoiy politsiya boshqarmasi va soliq tekshiruvi departamenti xodimlari Usmonovga tegishli bo‘lgan Myunxen yaqinidagi bir qancha mulklarda tintuv o‘tkazgani xabar qilindi. Milliarderga nisbatan pul yuvish va soliqdan qochish ayblovlari bo‘yicha tergov harakatlarini boshlagani O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlarni keskinlashtirgandi


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Alisher Usmonov Frankfurt Dilbar yaxtasi Usmonov ishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing