Germaniya Rossiya gazisiz qancha vaqt muammosiz yashay olishi aytildi
Olam
−
24 iyun 2022
20229Germaniya gaz omborlari 100 foizga to‘lgan holda Rossiya gazisiz o‘rtacha qishning 2,5 oyini muammosiz o‘tkaza oladi. Germaniya Federal elektr tarmog‘i agentligi rahbari Klaus Myuller Rossiya Federatsiyasidan gaz yetkazib berishning qisqarishi fonida shunday fikr bildirdi.
“Agar Germaniyadagi gaz omborlari matematik jihatdan 100% to‘lgan bo‘lsa, biz atigi 2,5 oy davomida Rossiya gazisiz to‘liq yashashimiz mumkin, keyin esa omborlar bo‘shab qoladi”, degan Myuller.
Shu bilan birga, u Germaniyaga gaz yetkazib berish bo‘yicha vaziyat tarang, ammo baribir barqaror ekanini qo‘shimcha qilgan. Federal tarmoq agentligi rahbari GFR qo‘shimcha yetkazib beruvchilarni topishi va gazni tejash zarurligini ta’kidlagan.
Avvalroq Germaniya hukumati gaz iste’molini kamaytirish rejasining ikkinchi bosqichi ishga tushirgandi. Bu esa RFdan gaz yetkazib berishning qisqarishiga qaramay omborlarni qishgacha to‘ldirish imkonini berishi kerakligi aytilgan. Ikkinchi bosqich hukumat kompaniyalarga gazni tejashni tavsiya qilishi mumkinligini anglatadi. Uchinchi, maksimal daraja, agar bozorning o‘zi gaz ta’minotini boshqara olmasa, joriy etiladi. Bunday holda, Federal tarmoq agentligi distribyutor rolini o‘z zimmasiga oladi – u birinchi navbatda gazni kim olishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Germaniya hukumatining bu harakati “Shimoliy oqim” orqali Rossiya gazini yetkazib berish 40 foizgacha qisqartirilganiga javob bo‘ldi. 14 iyun kuni “Gazprom” Siemens gaz nasos agregatlarini ta’mirdan o‘z vaqtida qaytarmagani va dvigatellarda aniqlangan texnik nosozliklar tufayli “Shimoliy oqim” orqali gaz yetkazib berishni qisqartirishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi. Siemens, o‘z navbatida, Kanadaning Rossiyaga qarshi sanksiyalari tufayli turbinani Monrealdan Germaniyaga qaytarib bo‘lmasligini bildirdi.
LiveBarchasi