Germaniya politsiyasi turk nashrining ofisiga bostirib kirdi
Olam
−
17 may 2023
5950Germaniya politsiyasi Turkiyaning “Sabah” gazetasining Frankfurtdagi ofisiga bostirib kirib, gazetaning Germaniyadagi vakili Ismoil Erel va bosh muharriri Jemil Albayni hibsga oldi. Bu haqda “Anadolu” xabaar berdi.
“Sabah” gazetasi manbalaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya Ismoil Erel va Jemil Albayning uylariga, shuningdek nashrning Yevropadagi ofisiga bostirib kirib, kompyuter va telefonlarini musodara qilgan.
Reyd maqsadi haqida ma’lumotlar hozircha yetarli emas.
Vaziyatga Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va kasaba uyushmalari aralashdi.
Anqaradagi diplomatik manbalarning bildirishicha, Turkiya so‘z erkinligini himoya qilish nuqtai nazaridan jurnalistlarning hibsga olinishini qabul qilib bo‘lmas deb atadi va bu pozitsiya Germaniya rasmiylariga yetkazildi.
“Hodisa yuzasidan norozilik Anqarada ham, Berlinda ham bildirildi. Jurnalistlarga nisbatan bunday munosabatni qabul qilib bo‘lmaydi. OAV xodimlarini ozod qilish bo‘yicha Germaniya rasmiylari bilan muzokaralar davom etmoqda”, deydi manbalar.