Germaniya Mudofaa vaziri Rossiya qachon NATOga hujum qilishi mumkinligini aytdi
Olam
−
19 yanvar
17218Rossiya armiyasi NATOga a’zo davlatlarga 10 yildan kamroq vaqt ichida hujum qilishi mumkin. Bu haqda bugun, 19 yanvar kuni Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius “Der Tagesspiegel” nashriga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Rossiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga hujum qilishi ehtimoldan yiroq. Biroq besh-sakkiz yil ichida bunday qo‘rquvlar haqiqatga aylanishi mumkin.
“Biz deyarli har kuni Kremldan tahdidlarni eshitamiz. Oxirgi paytlarda Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi do‘stlarimizga "otilayotgan toshlar"ga duch kelyapmiz. Shuning uchun biz Putin kun kelib, NATO davlatiga hujum qilishi mumkinligini hisobga olishimiz kerak. Mutaxassislarimiz buni besh-sakkiz yil ichida amalga oshishini taxmin qilmoqda”, deydi Pistorius.
Mudofaa vaziri o‘z bayonoti bilan “jamiyatni uyg‘otmoqchiligini” va Germaniya Qurolli kuchlarini ushbu ssenariyga tayyor bo‘lishga chaqirishini qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, Litva Prezidenti Gitanas Nauseda ham G‘arb Ukrainani Rossiya hujumiga qarshi turishda qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortsa, Rossiyaning Litva va NATOga nisbatan tajovuzkorligi sezilarli darajada oshishi mumkinligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bild” nashri Germaniya Qurolli kuchlarining yashirin hujjatiga tayanib, 2025 yilning yozida NATO va Rossiya o‘rtasidagi urush boshlanishini prognoz qilgandi. NATO strategik aloqalar markazi direktori Yanis Sarts esa “Bild”ning maqolasida alyans imkoniyatlarini sinab ko‘rish uchun “xayoliy vaziyat” bilan mashg‘ulotlar ssenariysi tasvirlanganini ma’lum qildi. Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas esa Rossiya 3-5 yil ichida yana NATO davlatlarining sharqiy qanotiga jiddiy tahdid solishini aytdi.
Kecha, 18 yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida alyans Harbiy qo‘mitasi raisi Rob Bauer va Yevropadagi ittifoqchi kuchlar oliy qo‘mondoni Kristofer Kavoli NATO Rossiyaning ehtimoliy hujumiga tayyor ekanini ma’lum qildi.