Germaniya maktablarida migrantlar soni bo‘yicha cheklov joriy etilishi mumkin
Olam
−
12 iyul 1736 2 daqiqa
Germaniya Ta’lim vaziri Karin Prin mamlakatdagi maktablarda migrant bolalar uchun kvotalar joriy etishni ko‘rib chiqishni taklif etdi. Bu haqda “Deutsche Welle” (DW) xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, amaldor buni “ehtimoliy model” deb atagan va maksimal raqam qancha bo‘lishi mumkinligini tushunish uchun boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganishni taklif qilgan. Masalan, “30 yoki 40 foiz”.
Shimoliy Reyn – Vestfaliyadagi boshlang‘ich maktab direktorining aytishicha, uning maktabidagi o‘quvchilarning 80 foizdan ortig‘i migrant oilalardan. U Prinning taklifi amalda ishlamasligini ta’kidlaydi.
“Bizda bu yerda shunchaki yetarli miqdorda nemis tilida so‘zlashuvchi yoki “nemis” deb atash mumkin bo‘lgan odamlar yo‘q”, deydi u DW bilan suhbatda.
Qayd etilishicha, ta’lim sifatiga katta e’tibor qaratadigan ko‘plab nemis oilalari bu kabi maktablardan qochadi, chunki migrant ildizlariga ega bolalar sonining ko‘pligi ularning o‘z farzandlarining muvaffaqiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotir oladi. O‘qituvchilar, ota-onalar, o‘quvchilar va mutaxassislar bir masalada yakdil, ya’ni Germaniya ta’lim tizimi islohotga muhtoj.
Xususan, direktor ta’lim tizimida farqlovchi (differensial) yondashuv yo‘qligidan noroziligini bildirgan.
“Hozircha o‘qishni o‘ylashga qodir bo‘lmagan, ruhiy jarohat olgan qochqin bolalar, o‘qishga kuchli motivatsiyaga ega bo‘lgan qochqin bolalar va oilasi qashshoqlikdan qochgan qochqin bolalar – bularning har biri boshqa-boshqa hikoya”, deya fikr bildirgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada shu kabi holat va noroziliklar fonida migrant bolalarning maktablarga qabul qilinishi uchun rus tilidan imtihon topshirishi majburiy qilib qo‘yilgan edi. Bunda ma’lum darajada rus tilidan bilimga ega bo‘lmagan migrant oilalarning farzandlari maktabga bora olmaydi.
Live
Barchasi