Germaniya kitob sotuvchilarining tinchlik mukofoti g‘olibi aniqlandi

Olam

image

Bugun, 20 oktyabr kuni Frankfurt kitob yarmarkasi doirasida Germaniya kitob sotuvchilari Tinchlik mukofoti amerikalik jurnalist, yozuvchi va tarixchi Enn Epplbaumga topshirildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Tashkiliy qo‘mita uning faoliyati “demokratiya va tinchlikni saqlashga juda muhim hissa qo‘shishini” ta’kidlagan. Mukofotni topshiruvchi Nemis kitob sotuvchilari birja assotsiatsiyasi Epplbaumning Sovet Ittifoqining kommunistik va post-kommunistik tuzilmasini chuqur tahlil qilgani avtoritar mexanizmlar qanday ishlashini ko‘rsatishini aytib o‘tgan. Yozuvchi o‘z nutqlari va maqolalarida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga nisbatan yuritayotgan siyosati haqida bir necha bor ogohlantirgan.

“Memorial” xalqaro tarixiy, ta’lim, xayriya va inson huquqlari jamiyati hammuassisi Irina erbakova taqdirlash marosimidagi o‘zining qutlov nutqida agar G‘arb Enn Epplbaumning vaziyat tahliliga avvalroq quloq solganida, Rossiya hujumini tezroq to‘xtatish mumkin bo‘lardi, deya aytib o‘tgan. erbakovaning so‘zlariga ko‘ra, negaki Epplbaum “bo‘lajak ofatlarga tashxis qo‘ygan va bashorat qilgan hamda yillar davomida Putin Rossiyasidan kelayotgan xavf haqida ogohlantirgan”.

Ma’lumot uchun, Germaniyadagi eng nufuzli adabiy mukofotlardan biri bo‘lgan nemis kitob sotuvchilari Tinchlik mukofoti an’anaviy tarzda Frankfurt kitob ko‘rgazmasining so‘nggi kunida topshiriladi. U adabiyot va san’at namoyandalariga tinchlik va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun beriladi. Qiymati 25 ming yevro bo‘lgan mukofot 1949 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, o‘shandan beri Germaniya kitob sotuvchilari birja assotsiatsiyasi tomonidan har yili beriladi. 2023 yilda Hindistonda tug‘ilgan britaniyalik yozuvchi Salmon Rushdi Tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti janubiy koreyalik yozuvchi Xan Ganga berilgani haqida xabar berilgandi. Uning go‘sht iste’mol qilishni to‘xtatishga qaror qilgan ayol haqida yozilgan “Vegetarian” romani 2016 yilda “Man Booker” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya tinchlik mukofoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made