Germaniya kansleri Netanyaxuni hibsga olmaslikka va’da berdi
Olam
−
15 may
3861Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan hibsga olishga order chiqarilganiga qaramay, Germaniyaga tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers kecha, 14 may kuni Berlinda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha aytib o‘tdi.
“Asosan, Isroil Bosh vaziri Germaniyaga kelish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak”, degan Fridrix Mers.
Kanslerning aniqlik kiritishicha, Netanyaxuning Germaniyaga tashrifi hozircha rejalashtirilmagan.
“U (Binyamin Netanyaxu) butun mintaqadagi yagona demokratik mamlakatning demokratik yo‘l bilan saylangan Bosh vaziridir. Bu Bosh vazir Germaniyaga kelish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Agar bu rejalashtirilgan bo‘lsa, sizga buni qanday qilib amalga oshiramiz haqida o‘z vaqtida xabar beramiz”, dedi Germaniya hukumati rahbari.
“Welt”ning eslashicha, Germaniya Bundestagiga 23 fevralda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlar kuni o‘sha paytdagi konservativ XDI/XSI blokidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod bo‘lgan Fridrix Mers Binyamin Netanyaxuga qo‘ng‘iroq qilib, agar Germaniyaga tashrif buyursa, XJC buyrug‘i asosida hibsga olinmaslikning “yo‘llari va vositalari topiladi” deb va’da bergan edi. O‘sha paytda bu Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (SDP) va chap partiyaning noroziligiga sabab bo‘ldi.
XJS 2024 yil 21 noyabrda Netanyaxuni hibsga olish uchun order berdi. Sud Netanyaxuni G‘azo sektorida Isroil sodir etgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar deb hisoblash uchun yetarli asoslar borligini aniqladi.
Germaniya va XJS yurisdiksiyasini tan olgan boshqa davlatlar Netanyaxu kelgan taqdirda uni hibsga olishga majbur. Ayni paytda, Isroil, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va boshqa ba’zi davlatlar XJSning asosiy hujjati bo‘lgan Rim statutiga qo‘shilmagan.
Joriy yil aprel oyida Netanyaxu Vengriyaga tashrif buyurgan va u yerda hibsga olinmagan. Shundan so‘ng mamlakat Bosh vaziri Viktor Orban Isroil Bosh vaziri bilan birdamlik bildirdi. Aprel oyining oxirida Vengriya parlamenti mamlakatni Gaagadagi XJS yurisdiksiyasidan olib chiqish uchun ovoz berdi.
LiveBarchasi