Germaniya G‘azoga havodan gumanitar yordam yetkazib bera boshladi

Olam

image

Bugun, 16 mart kuni Germaniya Harbiy-havo kuchlari insonparvarlik yordamining birinchi partiyasini parashyutlar bilan G‘azo sektoriga tushirdi. Bu haqda DPA xabar berdi.

"G‘azo sektoridagi odamlarda asosiy ehtiyojlar yo‘q. Biz ularning oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlanishi uchun o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz", deydi Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius.

Bir qator arab davlatlari, AQSH va Fransiya ishtirokida o‘tkazilayotgan G‘azo sektorining tinch aholisini havodan gumanitar yordam bilan ta’minlash bo‘yicha operatsiyada ishtirok etish uchun Bundesver ikkita C-130 transport samolyotini mintaqaga joylashtirdi. Ushbu transport vositalarining har biri 18 tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega. Bu samolyotlar Iordaniyada havoga ko‘tariladi va ularning yuklari maxsus usulda parashyut orqali tushiriladi.

Qayd etish joizki, Gumanitar tashkilotlar G‘azo sektoridagi tinch aholi ahvolidan o‘ta xavotir bildirib, ocharchilik tahdidiga ishora qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining fikricha, gumanitar yordamni havo orqali yetkazish yuk mashinalari orqali yetkazish ko‘lamini yanada kengaytirmasdan turib, vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga qodir emas.

Bir qator davlatlar, jumladan, Germaniya Isroil hukumatini G‘azo sektori tinch aholisini himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilishga chaqirdi. O‘z navbatida, Isroil mudofaa kuchlari hozirda 2 milliondan ortiq tinch aholi istiqomat qilayotgan Rafah shahrida quruqlikdagi operatsiyaga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Isroil tomoniga ko‘ra, operatsiya boshlanishidan avval tinch aholi Rafahdan evakuatsiya qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil hukumati Rafahga hujum rejasini tasdiqlagani ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing