Germaniya Federal Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi dasturi ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Avvalroq, Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 27-29 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida xabar bergan edik.

Bu ma’lumotni ayni vaqtda nemis tarafi ham tasdiqlayapti, deb xabar bermoqda Germaniyada bo‘lib turgan QALAMPIR.UZ muxbiri.

Frank-Valter Shtaynmayerning O‘zbekistonga tashrifini Shavkat Mirziyoyevning yanvardagi Germaniya safariga o‘ziga xos javob tashrifi deyish mumkin.

Amaldagi GFR Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi Berlinda boshlangan oliy darajadagi muloqotning davomi, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning kelajakda rivojlanishiga asos bo‘lishi qayd etilmoqda.

Tashrif O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini barcha yo‘nalishlarda faollashuviga turtki bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda uch yildirki iqtisodiyotni erkinlashtirish va modernizatsiya qilishga e’tibor berilyapti. Germaniya texnologik va innovatsion imkoniyatlar borasida dunyoning eng yetakchi davlatlari qatorida turadi. O‘zbekiston Germaniyaning ana shu imkoniyatlaridan unumli foydalana olsa, ikki mamlakat o‘rtasida manfaatli aloqalar shakllanishiga umid qilish mumkin.

Germaniya Federal Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi vaqtida unga nafaqat rasmiy delegatsiya, balki ko‘plab nemis tadbirkorlari ham hamrohlik qilishi aytilyapti. Bu o‘z navbatida o‘zbekistonlik tadbirkorlarga qo‘shma loyihalar tuzish uchun o‘ziga xos maydon yaratiladi degani.

Frank-Valter Shtaynmayerning tashrifi dasturiga Toshkentdagi ikki tomonlama muzokaralar va Xivadagi diqqatga sazovor joylarni borib ko‘rishidan tashqari, Orol bo‘yi mintaqasidagi vaziyat bilan tanishish ham kiritilgan.

Ma’lumki, Germaniya xalqaro doirada atrof-muhit va iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega. Shuningdek, dunyoning turli mintaqalarida shu yo‘nalishdagi inqirozlar kelib chiqmasligi uchun bevosita yordam ko‘rsatib keladi.

Germaniyaning Orol muammosiga e’tibor qaratishi, ayni masalaning jahon miqyosida kun tartibidagi mavzuga aylanishiga zamin yaratadi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil yanvar oyidagi Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi davomida 8 mlrd yevrolik kelishuvlar imzolangandi.

Ushbu tashrif imzolangan kelishuvlarning hujjatda qolib ketmay, amalga ko‘chishiga turtki bo‘lishi bilan ham ahamiyatlidir.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Germaniya Frank-Val'ter Shtaynmayer

Baholaganlar

31

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing