Germaniya elchisi o‘zbekistonliklar bilan o‘zbekcha xayrlashdi (video)

Jamiyat

image

Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manfred Xuterer O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlab, o‘zbek tilida murojaat bilan chiqdi. U O‘zbekiston xalqini “unutilmas xotiralar” bilan tark etayotganini aytib, hamkorlik va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda elchixonaning Instagram sahifasida video e’lon qilindi.

 

“Shu bilan O‘zbekistondagi faoliyatim o‘z yakuniga yetmoqda. Toshkentni bir olam unutilmas xotiralar, bu go‘zal yurtga va sizlarning mehmondo‘stligingizga bo‘lgan cheksiz mehr bilan tark etmoqdamiz”, deydi Manfred Xuterer.

U O‘zbekiston bilan hamkorlik, qo‘llab-quvvatlash va do‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatda o‘tgan go‘zal damlar xotirasi qalbida umrbod saqlanib qolishini qayd etgan.

“Ko‘rishguncha, O‘zbekiston!” deya xayrlashgan elchi.

Joriy yilning 15 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Manfred Xuterer bilan xayrlashuv uchrashuvi o‘tkazganini ma’lum qilgan. Uchrashuvda elchining faoliyati davomida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi siyosiy muloqot mustahkamlangani, yuqori darajadagi uchrashuvlar muvaffaqiyatli tashkil etilgani hamda ko‘p qirrali hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, Manfred Xuterer O‘zbekistondagi faoliyati davomida bir necha bor o‘zbek tilida murojaatlar bilan chiqqan. Xususan, u O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan o‘zbek tilida tabrik yo‘llagan, Navro‘z bayramida esa she’r o‘qib bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, Manfred Xuterer 2024 yildan buyon Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Uning faoliyati davrida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing