Kirillovning o‘limi. O‘zbekistonlik migrantlar xavf ostidami?
Tahlil
−
16:25
298717 dekabr kuni Moskva shahrida o‘z uyidan chiqish arafasida portlatib yuborilgan Rossiya Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov haqida ma’lumot berilgandi. Generalning o‘limiga UXX aloqadorligi rasmiy Kiyev tomonidan rasman tan olinmagan bo‘lsada, ularning bunga aloqadorligi ba’zi manbalar orqali o‘zlari tomonidan ship-shitilgani aytildi. kecha esa shu qotillikni ijro etishda gumonlanib, o‘zbekistonlik 29 yoshli erkak qo‘lga olindi. Bildirilishicha, mazkur O‘zbekiston fuqarosi Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmasi bilan Moskvaga kelgan va qo‘lda yasalgan portlovchi moslamani Igor Kirillov yashagan turarjoy binosiga kiraverishda turgan elektr samakatga o‘rnatgan.
“Harbiy xizmatchining yashash joyini kuzatish maqsadida u avtomashina ijaraga olib, u yerda videokuzatuv kamerasini o‘rnatgan. Ushbu kameradan olingan kadrlar Dnepr shahridagi Ukraina xavfsizlik xizmatiga onlayn tarzda uzatib turilgan. Harbiy eshikdan chiqib ketayotgani haqida videosignal olinganidan keyin portlovchi qurilma masofadan turib ishga tushirilgan”, deyiladi xabarda.
Rossiya Tergov qo‘mitasining versiyasiga ko‘ra, ushbu jinoyat uchun O‘zbekiston fuqarosiga 100 ming dollar miqdorida pul mukofoti va Yevropa davlatlaridan biriga chiqarib yuborish kafolatlangan.
O‘zbekiston Rossiyaga darhol ma’lumot berdi
TASS axborot agentligining xabar qilishicha, mazkur qotillik sodir etilganidan so‘ng, Rossiya xavfsizlik kuchlari o‘zbekistonlik hamkasblariga Igor Kirillovning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan shaxs haqida ma’lumot olish uchun murojaat qildi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston tomoni tegishli so‘rovni olgach, Igor Kirillovni o‘ldirishda gumon qilinib, Rossiyada qo‘lga olingan fuqaro haqidagi ma’lumotlarni darhol Moskvaga yuborgan. Bildirilishicha, bu shaxs O‘zbekistondagi terrorchilik tashkilotlari bilan aloqada bo‘lmagan va muqaddam javobgarlikka tortilmagan. Manbaga ko‘ra, Kirillovni o‘ldirganlikda gumon qilinib, hibsga olingan O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov ismli shaxs bo‘lib, hozirda unga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining jamoatchilik bilan aloqalar markazi tomonidan tarqatilgan so‘roq videosida Qurbonov Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollanganini aytgan. Gumonlanuvchi voqea joyini kuzatish maqsadida avtomashinani ijaraga olib, unga videokamera o‘rnatgan. Qurilma Wi-FI orqali video signalni Dneprga ya’ni UXX kuchlariga uzatgan. Qurbonov videoyozuvdagi ko‘rsatmasi davomida general Kirillov uydan chiqqanida darhol portlovchi moslama tugmasini bosganini tan oldi.
O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi ham mazkur holatga xabarlarga munosabat bildirib, gumonlanuvchi shaxs haqidagi ma’lumotni aniqlashtirayotganini ma’lum qildi.
“Diplomatik vakolatxona qabul qiluvchi davlat huquq-tartibot idoralari bilan aloqada bo‘lib, ushbu voqeani sodir etganlikda gumon qilingan shaxs haqidagi ma’lumotni aniqlashtirmoqda”, deyiladi xabarda.
Migrantlar yana xavotirda?
Buyurtmani Ukraina xavfsizlik xizmatidan olganini aytayotgan yollanma qotil O‘zbekiston fuqarosi ekanligi oydinlashgach, qator ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining o‘zbek segmentida turli xavotirlar paydo bo‘ldi. Ularga ko‘ra, mazkur keys bahonasida Rossiyadagi o‘zbek migrantlarga bosimlar va asossiz cheklovlar ortishi mumkin. Shuniyam aytish kerakki, bunday xavotir va taxminlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Chunki joriy yil boshida Moskva viloyatining Krasnagorsk shahrida joylashgan “Crocus City Hall”dagi daxshatli teraktni uyushtirishda ayblangan bir qator tojikistonliklar tufayli Rossiyadagi tojikistonlik migrantlarga bosimlar suniy tarzda kuchayib ketgandi.
Jahon matbuotiga Medvedevdan tahdid
G‘arb nashrlari ko‘p ehtimol bu qotillik qonuniy mudofaa harakati yoki o‘z-o‘zini himoya qilish deb atashi tabiiy edi. Chunki Kirillov bir necha kun oldin Ukraina huquq-tartibot organlari tomonidan Rossiyaning salkam 3 yildan buyon davom etib kelayotgan bosqini davomida Ukrainaning sharqiy va janubiy qismlarida 4800 marotaba kimyoviy quroldan foydalanish bo‘yicha shaxsan buyruq berganlikda ayblangandi. Kutilganidek The Times nashri Kirillov va uning yordamchisiga qarshi sodir etilgan qotillikni “qonuniy mudofaa harakati” deb atadi. Rossiyaning sobiq prezidenti, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev esa nashrning bunday yondashuviga nisbatan o‘z uslubida agressiv tarzda javob qaytardi.
“Ukrainaga harbiy yordam berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan barcha NATO rasmiylari Rossiyaga qarshi gibrid yoki an’anaviy urushda qatnashmoqda. Men ularni sanab o‘tmayman, aytishga arzimaydi ham. Bu shaxslarning barchasi Rossiya davlati uchun qonuniy harbiy nishon deb hisoblanishi mumkin va kerak. Shuningdek, Rossiyaga qarshi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning har doim sheriklari bor bo‘lgan. Va ular ham endi qonuniy harbiy nishonga aylangan. Bular orasida qo‘rqoqlarcha tahririyat orqasiga yashiringan "The Times" gazetasining shoqollari ham bo‘lishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, ehtiyot bo‘ling! Axir, Londonda ko‘p narsa sodir bo‘ladi ...” deya do‘q-po‘pisa qilgan Medvedev.
Yuqorida aytganimizdek, mazkur voqea ortidan Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlarga bosimlar ortishi haqida xavotirlar paydo bo‘lmoqda. Shunday sharoitda Davlat Dumasining MDH ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rossiyaliklarni migrantofobiyadan saqlanishga chaqirdi.
Deputatlarning fikricha, Rossiyadagi bunday tartibsizliklar “faqat Ukraina va populistlar”ga foyda keltiradi. Xususan, Qo‘mita raisi Leonid Kalashnikov generalni o‘ldirishga buyruq berganlarning ikkita maqsadi borligini aytdi – bu nafaqat Rossiya Qurolli kuchlari generalini o‘ldirish, balki mamlakatda migrantlarga qarshi tartibsizliklar keltirib chiqarish.
“Shuning uchun hamma narsada o‘zbeklarni ayblash kerak emas. Agar rus biror joyda biror ish qilgan bo‘lsa, bu bizning mamlakatimizda hamma narsa yomon deganimi? Albatta yo‘q, bu juda ibtidoiy qarash. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni oddiygina bir o‘zbekka bog‘lashdan foyda yo‘q. Bizning vazifamiz bu yerga ishlash uchun kelgan barcha muhojirlar ko‘chada sarson bo‘lmasligi va nazoratsiz qolmasligiga ishonch hosil qilishdir”, deydi Kalashnikov.
MDH ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin esa Rossiyada kelayotgan muhojirlarga fobiya to‘lqini faqat Ukrainaga foyda keltirishini aytdi.
Shuningdek, u Rossiyada amaldagi o‘lim jazosiga bir tomonlama moratoriyni bekor qilishni talab qildi.
“Men Konstitutsiyamizda bolalar bog‘chalari, maktablar, oliy o‘quv yurtlarida, shuningdek, harbiy amaliyotlar chog‘ida vatanni himoya qilayotgan harbiylarimizga nisbatan teraktlar uyushtirgan shaxslarga sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilishi sharti bilan o‘lim jazosini joriy etishni ko‘p marotaba taklif qilganman. General Kirillov Mudofaa vazirligimiz rahbarlaridan biri sifatida o‘z burchini bajardi. Uning qotillari kimning fuqarosi bo‘lishidan qat’i nazar, o‘lim jazosini olishlari kerak”, deydi deputat.
Zatulinning fikricha, Krokusdagi terakt va general Kirillovning o‘limi Ukraina qasddan Markaziy Osiyodan kelgan MDH davlatlari fuqarolarini jinoyatchi sifatida ishlatayotganini ko‘rsatadi.
“Shunday ekan, teraktning ikkinchi darajali maqsadi muhojirlarga qarshi to‘lqin va Rossiya va O‘zbekiston, Tojikiston va boshqalar o‘rtasida mojaro qo‘zg‘atishdir. Teraktda O‘zbekistonni va u bilan munosabatlarni ayblashga urinish, mohiyatan, O‘zbekiston Respublikasini sodir etilgan jinoyatga sheriklikda ayblashdir. Haqiqatan ham Prezident Mirziyoyevni general Kirillov qotillariga yordam berganlikda kimdir gumon qiladimi? Bunday dalil yo‘q. Lekin o‘zbek yoki tojikdan qasos olishga da’vat qilayotganlar bilib yoki bilmay birovning buyrug‘ini bajarayotgani haqida mutlaqo ochiq dalillar bor”, dedi deputat.