Kellogg Ukrainani G‘arb va Rossiya o‘rtasida bo‘lib olishni taklif qildi

Olam

image

Ukraina urushdan keyingi Berlin misolida Yevropa davlatlari va Rossiya o‘rtasida nazorat zonalariga bo‘linishi mumkin. Bunday fikrni AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg Britaniyaning “The Times” gazetasiga bergan intervyusida bildirdi.

“Ikkinchi jahon urushidan keyin Berlin bilan sodir bo‘lgan voqeaga o‘xshash narsani qilishingiz mumkin, u yerda Rossiya zonasi, Fransiya zonasi, Britaniya zonasi va Amerika zonasi mavjud edi”, dedi u.

Kelloggning aytishicha, Britaniya va Fransiya qo‘shinlari yangi janglarning oldini olish uchun to‘xtatuvchi kuch sifatida g‘arbiy Ukrainani egallab olishi mumkin, Rossiya armiyasi esa Ukraina sharqini nazorat qiladi. AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakiliga ko‘ra, Ukraina kuchlari Yevropa va Rossiya qo‘shinlari o‘rtasida joylashishi mumkin.

Kellogg, shuningdek, hozirgi front chizig‘i bo‘ylab 30 kilometrlik qurolsizlantirilgan hudud yaratish mumkinligini ham taklif qildi.

“Amerika qo‘shinlari Ukrainada joylashtirilmaydi”, deya ta’kidladi u.

Kellogg Dnepr daryosining g‘arbiy qirg‘og‘iga Britaniya-Fransiya boshchiligidagi harbiy kontingentning joylashtirilishi Rossiyaga nisbatan provokatsion qadam bo‘lmasligini aytdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina yetarlicha katta davlat bo‘lib, o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlash uchun uning hududiga bir nechta armiya joylashtirilishi mumkin.

Nashrning qayd etishicha, amerikalik yuqori martabali amaldor birinchi marta o‘t ochishni to‘xtatishga erishilgandan keyin mumkin bo‘lgan chegara chizig‘i sifatida Dneprni tilga olgan. Gazetaning yozishicha, Kelloggning rejasida Ukraina Rossiya nazorati ostidagi hududlardan voz kechishi kerak bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 12 mart kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov NATO qo‘shinlarining Ukraina tuprog‘ida istalgan bayroq ostida va har qanday maqomda bo‘lishi Rossiya uchun tahdid ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya buni hech qanday sharoitda qabul qilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Evropa Ukraina Kit Kellogg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing