“Gazprom” “Shimoliy oqim”ni noma’lum muddatga butunlay to‘xtatdi

Olam

image

“Shimoliy oqim”ning yagona ishlaydigan turbinasiga texnik xizmat ko‘rsatishda nosozliklar aniqlandi, gaz quvuri ular tuzatilmaguncha ishlamaydi. Bu haqda “Gazprom” korporatsiyasi bayonotida aytiladi, deb xabar beradi “Interfaks”.

“Portovaya” kompressor stansiyasidagi gaz kompressor blokida rejali texnik xizmat ko‘rsatish chog‘ida yog‘ sizib chiqishi aniqlandi, deya izoh bergan “Gazprom” matbuot xizmati. Rostexnadzor korporatsiyani bunday nosozliklar gaz turbinali dvigatelning xavfsiz ishlashiga xalaqit berishi haqida ogohlantirgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, sizib chiqishni faqat “ixtisoslashtirilgan ta’mirlash kompaniyasi sharoitida” to‘xtatish mumkin. 

“Uskunaning ishlashiga oid kamchiliklar bartaraf etilmagunicha, “Shimoliy oqim” gaz quvurida gaz tashish butunlay to‘xtatildi”, deyiladi “Gazprom” bayonotida.

Qayd etish kerakki, Rossiya davlat konserni “Gazprom” Portovaya kompressor stansiyasidagi yagona ishlayotgan Trent 60 gaz nasos agregati texnik xizmat ko‘rsatish va rejali profilaktika ishlari uchun 31 avgustdan 2 sentyabrga qadar to‘xtatilishi haqida ogohlantirgan edi. “Gazprom” Siemens mutaxassislari bilan birgalikda zarur ishlar olib borilgach, kuniga 33 million kubometr gaz yetkazib berish qayta tiklanishiga ishontirgandi. Bu miqdor gaz quvuri o‘tkazish qobiliyatining qariyb 20 foiziga teng.

Ayni paytda, Rossiya Kanadada texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan va iyul oyi o‘rtalaridan beri Germaniyada bo‘lgan “Shimoliy oqim” turbinasini Germaniyadan haligacha olmagan. Siemens Energy kompaniyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Moskva hujjatlarga yopishib olishda va bema’ni talablarni qo‘yishda davom etmoqda.

Iyun oyida “Gazprom” “Shimoliy oqim” quvuri orqali gaz yetkazib berishni keskin kamaytirdi. Rossiya kompaniyasi buni Siemens gaz turbinasi Kanadadagi ta’mirdan so‘ng o‘z vaqtida qaytarilmagani bilan izohladi. 11 iyuldan 21 iyulgacha esa gaz quvurining ikkala tarmog‘i rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari tufayli to‘xtatildi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Gazprom Shimoliy oqim

Baholaganlar

256

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing