G‘azoni falastinlik 15 texnokrat boshqaradi
Olam
−
16 Oktabr 6001 2 daqiqa
G‘azo sektori falastinlik 15 nafar texnokratdan iborat qo‘mita tomonidan boshqariladi. Kengashga AQSH Prezidenti Donald Tramp rahbarlik qiladi. Bu haqda Misr Tashqi ishlar vaziri Badr Abdul Ati ma’lum qildi.
“Biz ularni G‘azodagi odamlarning kundalik hayotini ta’minlash uchun jalb qilishimiz kerak, Tinchlik Kengashi esa G‘azoni qayta tiklash uchun yo‘naltiriladigan moliya va pul oqimlarini qo‘llab-quvvatlashi va nazorat qilishi lozim”, dedi Badr Abdul Ati “Associated Press” agentligiga.
Vazirning ta’kidlashicha, qo‘mitaning 15 a’zosini barcha falastin fraksiyalari, jumladan HAMAS ham ma’qullagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularni Isroil rasmiylari ham “tekshirgan”. Biroq Misr TIV rahbari qo‘mita a’zolarining ismlarini oshkor etmadi.
Badr Abdul Ati, shuningdek, HAMAS AQSHning urushni yakunlash rejasini qo‘llab-quvvatlaganini va o‘tish davrida “hech qanday rol o‘ynamasligini” ma’lum qildi. U, shuningdek, Isroil anklavdan qo‘shinlarini chiqarishi, gumanitar yordam yetkazib berishni va ma’muriy qo‘mitaning ishini ta’minlashi shart ekanligini eslatdi.
3 oktyabr kuni Donald Tramp G‘azo sektoridagi mojaroni yakunlangan deb e’lon qildi. Ushbu hududdan omon qolgan 20 isroillik garovdagilar ozod qilindi. Evaziga Isroil 2000 falastinlik mahbusni qo‘yib yuborishi kerak. Rejaning birinchi bosqichi 13 oktyabrda amalga oshirilgan, 14 oktyabrda esa Tramp rejaning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi, unga ko‘ra halok bo‘lganlarning jasadlari qaytariladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq marhum Falastin rahbari Yosir Arofatning jiyani Nosir al-Qudva to‘rt yillik ixtiyoriy surgundan so‘ng G‘arbiy sohilga qaytgan va G‘azoda tinchlikka erishish uchun yo‘l xaritasini e’lon qilgandi. Nosir al-Qudva kelajakda G‘azodagi boshqaruvda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi va unga ko‘ra, HAMAS siyosiy partiyaga aylanishi kerak.