G‘azoga kuniga 700 tagacha gumanitar yuk mashinasi kirishi kerak – Abdulfattoh as-Sisi

Olam

image

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi G‘azo sektorida gumanitar falokatning oldini olish uchun har kuni 600-700 yuk mashinasida yordam yetkazilishi kerakligini ta’kidladi. Prezidentning bu haqdagi so‘zlarini “Sky News Arabia” telekanali keltirdi.

As-Sisining aytishicha, Misr G‘azo bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti orqali yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilmayapti, ammo bu yordam uzluksiz yetib borishi uchun Rafah punkti G‘azo tomonidan ham ochiq turishi zarur.

Prezident, shuningdek, Misr hududida G‘azo aholisi uchun mo‘ljallangan ko‘plab yordam yuklari tayyor holatda turgani, istalgan paytda sektor hududiga kirishga shay ekanini bildirgan. 

Misr yetakchisi arab mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi va AQSHni, xususan, AQSH Prezidenti Donald Trampni urushni to‘xtatish va G‘azo aholisiga tezkor yordam ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqirgan. 

As-Sisi Trampga bevosita murojaat qilib, uni “salohiyat va nufuzga ega yetakchi” sifatida qadrlashini aytib, “G‘azodagi urushni to‘xtatish va yordam yetkazish uchun barcha choralarni ko‘rishga” da’vat etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu urushga nuqta qo‘yish vaqti keldi”.

Ma’lumot uchun, G‘azo sektorida hozirgi gumanitar vaziyat nihoyatda og‘ir. Har kuni kamida 100 ta yuk mashinasi gumanitar yordam yetkazilishi lozim, lekin amalda bu ko‘rsatkich 60 tagacha tushib qolmoqda.

Isroil tomoni ayrim hududlarda jangovar harakatlarni vaqtincha to‘xtatishga rozilik berdi, bu yordam yetkazilishi uchun imkon yaratmoqda. Ayniqsa G‘azo shahri, Dayr al-Balah va Al-Mavasi hududlarida kuniga 10 soatlik “taktik pauzalar” e’lon qilindi. Biroq bu choralar aholining ehtiyojlarini to‘liq qondira olmayapti. O‘zini saqlab qolishga urinayotgan aholi ko‘pchilik joylarda yordam tarqatish punktlariga to‘planmoqda, ba’zida tartibsizliklar va halokatlar ham yuz bermoqda.

So‘nggi haftalarda ochlik va kasalliklar oqibatida 147 nafar fuqaro, jumladan 89 nafar bola halok bo‘lgani qayd etilgan. 470 mingdan ortiq inson ochlik yoqasida. Bu G‘azo aholisining 22 foizini tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil blokadasi sabab bo‘lgan ocharchilik fonida Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya G‘azoga havodan yordam yuborishni boshlagani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Misr G'azo Abdulfattoh as-Sisi Rafah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing