G‘azodagi urush uchinchi bosqichga kirdi – Netanyaxu

Olam

image

Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyoti quruqlikdagi operatsiyalarni kengaytirishni o‘z ichiga olgan uchinchi bosqichga kirdi. Bu haqda bugun, 31 oktyabr kuni hukumat yig‘ilishida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’lum qildi.

“Biz urush boshida turibmiz. O‘z oldimizga aniq maqsad qo‘yganmiz: HAMASning harbiy va ma’muriy salohiyatini yo‘q qilish. Biz buni tizimli ravishda amalga oshirmoqdamiz. Blokadaning dastlabki bosqichi yakunlandi. Ikkinchi bosqich – doimiy ravishda havo hujumlari edi. Uchinchi bosqich – G‘azo sektoriga quruqlikdan kirib borishni kengaytirish. Isroil mudofaa kuchlari buni o‘lchovli, juda kuchli qadamlar bilan, tizimli ravishda bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda”, degan Bosh vazir. 

Netanyaxuning qo‘shimcha qilishicha, G‘azo sektori ichidagi quruqlikdagi operatsiyalar, shuningdek, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha harakatlarni ham o‘z ichiga oladi. 

“Bu manyovr [Isroil armiyasining quruqlikdagi harakati] hatto [garovga olinganlarni] ozod qilish uchun imkoniyatlarni ochib beradi va biz ularni qo‘ldan boy bermaymiz. Bu kampaniya vaqt talab etadi, kutilmagan to‘siqlar bo‘ladi, qiyinchiliklar bo‘ladi. Yo‘qotishlar bo‘lsa, kutilmagan hodisalar bo‘ladi, lekin oxir-oqibat men sizga bir narsani va’da qilaman: HAMAS yiqitiladi, HAMAS mag‘lub bo‘ladi, boshqa bir G‘azo bo‘ladi”, deb ishontirgan u.

Shuningdek, Bosh vazir Isroil harbiylari Livandan o‘q uzish davom etayotgan shimoliy chegaralarda yuqori shay holatga kelganini aytgan. 

“Bir vaqtning o‘zida biz shimoliy frontda to‘siq bo‘lish ustida faol ishlamoqdamiz. Men “Hizbulloh”ga yana bir bor aytaman: agar siz kampaniyaga to‘liq aralashishga qaror qilsangiz, hayotingizdagi xatoga yo‘l qo‘yasiz. Siz shunday zarba olasizki, buni tasavvur ham qila olmaysiz" deb ogohlantirgan u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 oktyabr kuni Binyamin Netanyaxu urushning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing