G‘azodagi urush tugadi – HAMAS

Olam

image

G‘azo sektoridagi urush o‘z nihoyasiga yetdi va mintaqada tinchlik bitimi kuchga kirdi. Bu haqda HAMAS harakatining muzokara guruhi vakili Halil al-Hayya o‘z murojaatida e’lon qildi.

“Bugun biz urushning to‘xtaganini va doimiy sulh boshlanganini e’lon qilamiz. Bitimga ko‘ra, Rafah chegara punkti har ikki yo‘nalishda ochiladi. Shuningdek, Isroil barcha falastinlik ayollar va bolalarni ozod qiladi. Biz Qo‘shma Shtatlar, arab vositachilari va Turkiyadan G‘azoda urush butunlay tugatilganiga kafolat oldik”, degan harakat vakili. 

“Al Jazeera” telekanalining qo‘shimcha qilishicha, harakat vakili Isroil qamoqxonalarida umrbod jazo o‘tayotgan 250 falastinlik, shuningdek, urush boshlanganidan beri hibsga olingan taxminan 1700 g‘azolik ozod qilinishini bildirgan. 

Izroil Vazirlar Mahkamasi hali tinchlik bitimini rasman ratifikatsiya qilgani haqida ma’lumot bermagan. Biroq “The Times of Israel” nashrining yozishicha, bu qadamda endi jiddiy to‘siqlar bo‘lishi kutilmayapti.

Qayd etish joiz, 9 oktyabr dunyodagi millionlab odamlar uchun yaxshi xabar bilan boshlandi – Isroil va HAMAS harakati vakillari ikki yil deganda muqim kelishuvga erishdi. Bu yangilikni dunyoga birinchilardan bo‘lib AQSH Prezidenti Donald Tramp e’lon qildi. 

Bitim Tramp ma’muriyati taklif qilgan 21 bandlik rejaning birinchi bosqichi hisoblanadi. U o‘t ochishni to‘xtatish, garovdagilar va asirlarni almashish, Isroil qo‘shinlarini G‘azodagi “sariq chiziq” deb ataluvchi hududgacha olib chiqishni o‘z ichiga oladi. 

Kelishuv tafsilotlariga ko‘ra, garovga olingan tirik odamlarni topshirish jarayoni Isroil hukumati tomonidan bitim ma’qullangandan 72 soat o‘tib boshlanadi. Hozirda HAMAS qo‘lida bo‘lgan 48 kishidan taxminan 20 nafari tirik deb aytilmoqda. Shuningdek, Isroil armiyasi G‘azodan qo‘shinlarini qisman olib chiqishning birinchi bosqichini bitim imzolanganidan 24 soat o‘tib yakunlashi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi AQSH Prezidenti Donald Trampning bevosita ko‘magida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha erishilgan kelishuvni olqishlagandi. TIV bayonotida O‘zbekiston doimo xalqaro huquq me’yorlari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida Yaqin Sharqda mustahkam va adolatli tinchlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashi qayd etilgan.

 


Maqola muallifi

Teglar

G'azo HAMAS Halil al-Hayya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing