O‘zbekiston HAMAS va Isroil kelishuviga Tramp bosh bo‘lganini olqishladi
Jamiyat
−
09 Oktabr 2025 2947 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi AQSH Prezidenti Donald Trampning bevosita ko‘magida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod etish bo‘yicha erishilgan kelishuvni olqishlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining tegishli bayonoti e’lon qilindi.
“Misr, Qatar va Turkiyaning ushbu muhim jarayonda muvofiqlashtirilgan faoliyatini va ularning muhim rolini yuqori baholaymiz. Mazkur sa’y-harakatlar zo‘ravonlikni tez fursatda to‘xtatish, gumanitar inqirozni yengillashtirish hamda siyosiy muloqotni tiklash uchun zamin yaratmoqda”, deyiladi TIV bayonotida.
Shuningdek, O‘zbekiston doimo xalqaro huquq me’yorlari va BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari asosida Yaqin Sharqda mustahkam va adolatli tinchlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashi qayd etilgan.
“O‘t ochishni to‘xtatish vaqtinchalik chora emas, balki tomonlar o‘rtasida xavfsizlikni ta’minlash, barqaror hamjihatlikni o‘rnatish va o‘zaro ishonchni tiklashga qaratilgan uzoq muddatli siyosiy yechim sari muhim qadam bo‘lishiga ishonchimiz komil.
O‘zbekiston Respublikasi Yaqin Sharqda tinchlik, barqarorlik va gumanitar yengillikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarga konstruktiv hissa qo‘shishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etish joiz, bungacha AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejasining birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi.
Kelishuvga ko‘ra, asirlar eng qisqa muddatda ozod etiladi, Isroil qurolli kuchlari esa oldindan belgilangan chiziqqacha orqaga chekinadi.
“Men katta faxr bilan shuni ma’lum qilamanki, Isroil va HAMAS tinchlik rejamizning birinchi bosqichini ma’qulladi”, deydi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Isroil va HAMAS o‘rtasida tinchlik rejasining birinchi bosqichi imzolanganiga munosabat bildirib, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod etish bo‘yicha erishilgan kelishuvni qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi