G‘azodagi gumanitar pauza ikki kunga uzaytirildi
Olam
−
28 noyabr 2023
2434G‘azo sektoridagi HAMAS va Isroil o‘rtasidagi mojaroda "gumanitar pauza" bo‘yicha kelishuv yana 2 kunga uzaytirildi. Bu haqda Qatar TIV matbuot kotibi Majid al-Ansoriy ma’lum qildi.
Shu bilan birga, HAMASning Telegram'dagi bayonotida Qatar va Misr bilan G‘azodagi “gumanitar pauza”ni xuddi shu shartlar ostida yana 2 kunga uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaroda to‘rt kunlik gumanitar pauza haqidagi kelishuv 24 noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da kuchga kirdi.
Kelishuv Isroil qamoqxonalaridagi 150 nafar falastinlik mahbusni HAMAS qo‘l ostidagi 50 nafar isroillik evaziga ozod qilishni ko‘zda tutadi.
Ozod qilinganlar orasida har ikki tomondan ayollar va bolalar bor.
Eslatib o‘tamiz, 26 noyabr kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng G‘azo sektoridagi to‘rt kunlik gumanitar pauzani kuniga qo‘shimcha 10 kishini garovdan ozod qilish sharti bilan uzaytirish imkoniyatini ijobiy baholashini aytgandi. Shu bilan birga, u pauza tugaganidan keyin Isroil har qanday holatda ham Falastin anklavida harbiy amaliyot o‘tkazishga qaytish niyatida ekanini ta’kidlagan.