G‘azoda ochlikdan halok bo‘lganlar soni 227 kishiga yetdi
Olam
−
12 avgust 2398 2 daqiqa
G‘azo sektorida oziq-ovqat yetkazib berish inqirozi fonida 2023 yilning 7 oktyabridan beri ochlik va to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida halok bo‘lganlar soni 227 kishiga yetdi. Ularning 103 nafari yosh bolalar. Bu haqda bugun, 12 avgust kuni G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikdan besh kishi, jumladan, ikki bola vafot etganini qayd etdi. Shu tariqa, ochlikdan halok bo‘lganlarning umumiy soni 227 nafarga yetdi, ularning 103 nafari bolalar”, deyiladi vazirlik bayonotida.
G‘azo sektori ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil boshidan beri ochlikdan 173 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 2024 yilda 50 kishi, undan avvalgi yilda esa to‘rt kishi halok bo‘lgan.
Ma’muriyat xabariga ko‘ra, Isroil joriy yilning 27 iyulidan 10 avgustigacha falastinliklarga gumanitar yordam yetkazishni qisman tiklaganidan so‘ng hududga 1334 ta yuk mashinasining kirishiga ruxsat bergan. Bu esa aholining yordamga bo‘lgan ehtiyojining atigi 14 foizini qoplaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinalarining asosiy qismi Isroil harbiylari befarqligi ostida talon-toroj qilinmoqda. Ularning hisob-kitobicha, sektor aholisi oziq-ovqat, birinchi zarur vositalar, yoqilg‘i va dori-darmonlar bo‘yicha minimal ehtiyojini qondirish uchun har kuni taxminan 600 ta gumanitar yordam yuk mashinasi kiritilishi lozim.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk joriy yilning 5 avgust kuni Isroilning G‘azoda tinch aholiga oziq-ovqat yetkazishga ruxsat bermasligi insoniyatga qarshi jinoyat deb baholanishi mumkinligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Isroil G‘azoga gumanitar yordam kirishini keskin cheklashda davom etmoqda va ruxsat etilgan yordam hajmi zarur bo‘lgan miqdordan ancha kam.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo sektorida oziq-ovqat yetishmovchiligi va gumanitar inqiroz tufayli ochlikdan vafot etganlar soni 201 nafarga yetgani, ulardan 98 nafari esa bolalar ekani xabar qilingandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr