Isroil G‘azodagi ochlikni yoritgan jurnalistlarni o‘ldirdi

Olam

image

Isroil  G‘azodagi Ash-Shifa shifoxonasi oldidagi jurnalistlar joylashgan chodirga zarba berdi. Isroil front chizig‘ini yoritish bilan tanilgan jurnalistga ataylab hujum qilingani aytilmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, “The Guardian” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Isroil armiyasi “Al Jazeera”ning taniqli jurnalisti Anas al-Sharif va uning to‘rt hamkasbini o‘ldirgan. Qatarda joylashgan telekanal ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 5 jurnalist, shuningdek, fotograflar ham bo‘lgan.

Журнalист Anas al-Sharif

Isroil tomoni  Anas al-Sharifni “HAMAS harbiy tuzilmasiga aloqador terrorchi guruh rahbari” deb ayblab, uning raketa hujumlariga mas’ul bo‘lgani haqida “ma’lumotlar va hujjatlar” borligini da’vo qilgan. Ammo huquq himoyachilari bu ayblovlarni asossiz deb, uning frontdagi reportajlari tufayli nishonga olinganini bildirgan.

“Al Jazeera” Anas al-Sharifni “eng jasur jurnalistlardan biri” deb atab, hujumni “G‘azoni ishg‘ol qilish arafasida ovozlarni o‘chirishga qaratilgan urinish” deb baholadi.


“Isroilning ishonchli dalillarni taqdim etmasdan jurnalistlarni jangarilar deb atashi uning niyati va matbuot erkinligiga bo‘lgan hurmati haqida jiddiy savollar tug‘diradi. Jurnalistlar hech qachon nishonga olinmasligi kerak. Bu qotilliklarni sodir etganlar javobgarlikka tortilishi zarur”, deya bayonot berdi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ).

Falastin jurnalistlari mazkur hodisani “qonli jinoyat” deya qoralmoqda. Anas al-Sharif va uning hamkasblari mojarolar boshlanganidan buyon G‘azodan xabar berib kelayotgan edi. 

“Bu, ehtimol, so‘nggi 22 oy ichida men yozgan eng qiyin narsa. Men  Ash-Shifa shifoxonasidan uncha uzoq emas, atigi bir kvartal narida edim va so‘nggi yarim soat yoki undan ko‘proq vaqt ichida sodir bo‘lgan ulkan portlashni eshitdim. Shuni ta’kidlash muhimki, bu hujum Isroil harbiy amaldori Anasga to‘g‘ridan to‘g‘ri ayb qo‘ygani va “Al Jazeera” hamda frontdagi muxbirlarga qarshi tahqirlash boshlaganidan atigi bir hafta o‘tgach sodir bo‘ldi. Bu ochlik, qahatchilik va oziq-ovqat yetishmasligi haqidagi tinimsiz xabarlari tufaydi uyushtirildi”, dedi “Al Jazeera”ning boshqa jurnalisti Haniy Mahmud.

G‘azo hukumati matbuot xizmatiga ko‘ra, G‘azoga xorijiy jurnalistlarni kiritmayotgan va mahalliy muxbirlarni nishonga olgan Isroil  urush boshlanganidan beri 237 jurnalistni o‘ldirgan. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi esa G‘azodagi mojaroda kamida 186 nafar jurnalist halok bo‘lganini bildirgan. 

Ta’kidlanishicha, 28 yoshli Anas al-Sharifning otasi ham 2023 yil dekabrida Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgan, ammo jurnalist shimoliy G‘azodan chiqmay, ishini davom ettirishga qaror qilgan.

Dilbar Shoakromova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qatar Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing