“G‘azoda qon oqmoqda”. 25 davlat Isroil hujumlarini qoraladi

Olam

image

Dunyoning 25 davlati Isroilning G‘azoga qarshi urushini qoralab, ushbu bosqinni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda ushbu davlatlar hamkorlikda qo‘shma bayonot e’lon qildi.

Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada va Yevropa Ittifoqining tenglik, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va inqirozlarni boshqarish bo‘yicha komissari Xadicha Labib ishtirokida 25 davlat G‘azo sektoridagi holat bo‘yicha qo‘shma bayonot e’lon qilgan.  Unda G‘azoda davom etayotgan urush to‘xtatilishi shartligi va bu hududda tinch aholi azoblari “misli ko‘rilmagan darajaga yetgani” ta’kidlanadi.

“Isroil hukumati tomonidan tanlangan yordam yetkazish modeli xavfli, beqarorlikni kuchaytiradi. Biz yordamning tomchilab yetkazilishini va oddiy ehtiyojlarini suv va ovqat bilan qondirish uchun chiqayotgan bolalar hamda tinch aholi o‘ldirilishini keskin qoralaymiz. Yordam izlayotgan 800 dan ortiq falastinlikning o‘ldirilgani dahshatli. U yerda qon oqyapti”, deyiladi bayonotda. 

Shuningdek, Isroil tomonidan gumanitar yordam ko‘rsatishdan bosh tortish “qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb baholangan va xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya qilishga chaqirilgan.

Bayonotda G‘azodagi mahbuslarning ham og‘ir sharoitda yashayotgani va ularni darhol, shartsiz ozod qilish zarurligi bildirilgan.

“Biz Isroil hukumatini yordam yetkazish bo‘yicha barcha cheklovlarni darhol bekor qilishga va BMT hamda insonparvarlik tashkilotlariga hayotlarni saqlab qolish bo‘yicha faoliyatini xavfsiz va samarali tarzda bajarishiga ruxsat berishga chaqiramiz”, deyiladi qo‘shma bayonotda. 

Shuningdek, unda “gumanitar shahar” loyihasi orqali falastinliklarni ko‘chirish taklifi “mutlaqo nomaqbul” deb atalgan. Majburiy ko‘chirish xalqaro huquqni buzishi hisoblanadi. Shuningdek, Isroilning E1 hududida yahudiy posyolkalar qurish rejasi Falastinni ikkiga bo‘lishi, bu esa ikki davlat yechimini jiddiy xavf ostiga qo‘yishi aytilgan.

G‘arbiy Sohilda, jumladan Sharqiy Quddusda noqonuniy posyolka qurilishi tezlashgani va falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik kuchaygani ham alohida qayd etilgan. Qolaversa, ushbu bayonotda davlatlar tomonlarni zudlik bilan, shartsiz va doimiy sulhga chaqirgan. 

“Qon to‘kilishining davom etishi befoyda. Biz AQSH, Qatar va Misrning urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz”, deyiladi bayonotda. 

Ular Isroil, Falastin va butun mintaqada xavfsizlik va tinchlikka olib keladigan siyosiy yechim yo‘lida qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor ekanini bildirgan. 

Bayonotga 25 davlat Tashqi ishlar vazirlari, jumladan Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Islandiya, Irlandiya, Italiya, Yaponiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Sloveniya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya va Buyuk Britaniya vakillari imzo chekkan.

Ma’lumot uchun, G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zining so‘nggi byulletenida Isroilning G‘azoga qarshi urushida 2023 yil 7 oktyabrdan beri kamida 58 895 kishi halok bo‘lgani, 140 485 kishi yaralanganini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya, Saudiya Arabistoni va Iordaniya tashabbusi bilan tayyorlangan va 11 davlat tomonidan imzolangan qo‘shma bayonotda Isroilning Suriyaga qarshi harbiy hujumlari keskin qoralangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Evropa Ittifoqi Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing