G‘azoda 14 ming bola Isroil agressiyasi qurboni bo‘ldi
Olam
−
20 mart
3776Isroil armiyasining G‘azo sektoriga 7 oktyabrdan beri davom etgan zarbalari oqibatida falastinlik 14 ming bola va 9220 nafar ayol halok bo‘ldi. Bu haqda G‘azo sektori hukumati bayonotiga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Bayonotga ko‘ra, Isroil harbiylari 2807 ta qirg‘in sodir etgan. 7 ming kishi vayronalar ostida qolib, bedarak yo‘qolgan. O‘lganlarning umumiy soni 31 819 nafarni tashkil etgan, 73 934 kishi esa jarohatlangan.
Shuningdek, 27 bola to‘yib ovqatlanmaslik va suvsizlik tufayli vafot etgan. Isroilning insonparvarlik yordamini bloklashi oziq-ovqat va suv tanqisligiga sabab bo‘lmoqda. 7 oktyabrdan beri Isroil armiyasi G‘azo sektorida 70 ming tonna portlovchi moddadan foydalangan.
"Isroil hujumlarida 364 tibbiyot xodimi, 48 fuqarolik mudofaasi xodimi va 135 jurnalist halok bo‘lgan. G‘azo sektoridagi 17 ming bola ota-onasidan ayrilib, tibbiy yordam va dori-darmon yetishmasligi tufayli 60 ming homilador ayol surunkali kasallikka chalingan", deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, Isroil askarlari 269 tibbiyot xodimi va 10 nafar jurnalistni hibsga olgan. G‘azoning 2-3 millionlik aholisidan 2 million kishi uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. 70 mingta uy butunlay vayron bo‘lgan, yana 290 mingtasi yashash uchun yaroqsiz holga kelgan. Isroil armiyasi 168 ta davlat muassasasi, 100 ta maktab va universitetni vayron qilib, 305 ta maktab va universitetga qisman zarar yetkazgan.
Shuningdek, Isroilning zarbalaridan so‘ng 290 ta masjid yaroqsiz holda, 224 tasi butunlay yakson bo‘lgan, 3 ta cherkov vayron bo‘lgani aytilmoqda. Shuningdek, 155 ta tibbiyot muassasasi nishonga olinib, 53 ta tibbiyot markazi, 32 ta shifoxona va 126 ta tez tibbiy yordam mashinasi ishdan chiqqan. Isroil G‘azo sektoridagi 200 ta tarixiy va madaniy obidalarni vayron qilib, Falastin madaniy merosiga ham jiddiy ziyon yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) Bosh komissari Filipp Lazzarini Isroilning 2023 yil 7 oktyabrdan beri uyushtirgan hujumlari oqibatida G‘azoda halok bo‘lgan bolalar soni so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab urushlarda halok bo‘lgan jami bolalar sonidan oshib ketgani haqida ma’lum qilgandi. U o‘zining X (sobiq Tvitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida halok bo‘lgan bolalar haqida gapirgan.
Madina Otaboyeva
LiveBarchasi