G‘azoda o‘ldirilgan bolalar bo‘yicha dahshatli statistika e’lon qilindi
Olam
−
14 mart
8335Isroilning 2023 yil 7 oktyabrdan beri uyushtirgan hujumlari oqibatida G‘azoda halok bo‘lgan bolalar soni so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab urushlarda halok bo‘lgan jami bolalar sonidan oshib ketdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) Bosh komissari Filipp Lazzarini ma’lum qildi.
U o‘zining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida halok bo‘lgan bolalar haqida gapirdi.
G‘azoda Isroil tomonidan o‘ldirilgan bolalar haqidagi statistik ma’lumotlarni “dahshatga soluvchi” deb atagan Lazzarini, qurbon bolalar soni so‘nggi 4 yil ichida o‘ldirilgan bolalardan oshganini alohida urg‘ulagan.
“Bu bolalarga qarshi urush. Bu bolalar kelajagi uchun urushdir”, deb yozgan u.
UNRWA Bosh komissari Lazzarini ham BMT va Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi ma’lumotlaridan foydalangan holda tayyorlangan grafikni taqdim etgan. Unda 7 oktyabrdan 29 fevralgacha G‘azoda halok bo‘lgan bolalar soni va o‘tgan 4 yil ichida urushlarda halok bo‘lgan bolalar soni ko‘rsatilgan.
Grafikda oxirgi 4 yildagi urushlarda halok bo‘lgan bolalar soni 12 ming 193 ekani tasdiqlangan. G‘azoda halok bo‘lgan bolalar soni esa 12 ming 300 dan oshgan.
Lazzarini G‘azo bolalari uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
LiveBarchasi